15-oktabr kuni valyuta birjasida dollar kursi iyul oyi oxiridan beri eng yuqori darajaga yetdi. AQSH valyutasi 48,49 so‘mga qimmatlab, 12 011,65 so‘mni tashkil etdi. Bu 31-iyuldan beri qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichdir.

Dollar 6-oktabrdan boshlab ketma-ket sakkiz ish kuni davomida qimmatlashmoqda. Eng katta kunlik o‘sish 10-oktabrda kuzatildi: o‘shanda dollar kursi 51 so‘mdan ko‘proqqa oshib, avgust o‘rtalaridan beri ilk bor 11 897 so‘mga yetgan edi.

Bungacha AQSH valyutasi fevral oyidagi keskin o‘sishdan so‘ng uzoq muddat pasayish tendensiyasini namoyish etgan. Avgust boshidan dollar kursi 12 000 so‘mdan past bo‘lib, 2023-yil 10-avgustdagi devalvatsiyadan keyingi eng past darajani besh marta yangilagan. So‘nggi bor uch yillik eng past ko‘rsatkich 11-sentabr kuni qayd etilgan — o‘shanda dollar 11 765 so‘mgacha tushgan edi.

Mirkonomika Telegram-kanali muallifi Mirkomil Xolboyev so‘mning dollarga nisbatan qadrsizlanishi sabablarini tushuntirdi. Uning ta’kidlashicha, so‘nggi to‘qqizta savdo sessiyasida so‘m 2% ga qadrsizlandi. Dollar kursi 31-iyuldan beri eng yuqori darajaga qaytdi va so‘m yil boshidan buyon erishgan barcha mustahkamlanishini yo‘qotdi.

dollar, dollar kursi, so‘m, valyutalar kursi

Xolboyevning qayd etishicha, oktabr oyida global miqyosda aksariyat valyutalar dollarga nisbatan qadrsizlanmoqda. Xususan, tanlab olingan 39 ta valyutaning 26 tasi zaiflashgan, sakkiztasi esa mustahkamlangan.

Dollarning mustahkamlanishi sentabr oyida AQSH Markaziy bankining foiz stavkasini oshirishi hamda oktabr oyidagi yig‘ilishda oshirish bo‘yicha kutilmalarning oshayotganligi bilan izohlanadi. Qo‘shma Shtatlarda inflyatsiyaning tezlashayotganligi esa foiz stavkasi oshirilishining ehtimolini yanada kuchaytirmoqda.

Iqtisodchining fikricha, so‘m aksariyat qadrsizlangan valyutalar qatorida bo‘lishiga qaramasdan u eng yuqori qadrsizlangan valyutalardan biridir. Bu esa so‘m kursi o‘zgarishiga global dollarning mustahkamlanishidan tashqari boshqa omillar ham ta’sir qilayotganligini ko‘rsatadi.

dollar, dollar kursi, so‘m, valyutalar kursi

Xolboyev ehtimoliy sabablar sifatida quyidagilarni keltirdi:

  • Bir martalik qarz to‘lovlari. Uchinchi chorak yakunida hukumat yoki xususiy sektorning qarz to‘lovi bo‘yicha bir martalik talabi valyutaga qisqa muddatli talabni oshirgan bo‘lishi mumkin.
  • Real kurs. May oyidan real kurs mustahkamlangan. Markaziy bank ishlab chiqaruvchilarning tashqi raqobatbardoshligi pasayishining oldini olish uchun intervensiyalarni kechiktirayotgan bo‘lishi mumkin. Joriy yilda oltin eksporti o‘tgan yilga nisbatan sezilarli kamaygan, bu esa Markaziy bankning valyuta orqali sterilizatsiya qilish imkoniyatlarini cheklashi mumkin.
  • Pul o‘tkazmalarining mavsumiy kamayishi. Yoz tugashi bilan pul o‘tkazmalari hajmining pasayishi so‘mning qadrsizlanishiga qo‘shimcha omil bo‘lishi mumkin.

“Moslashuvchan valyuta kursining o‘ziga xos xususiyati shundaki, u tashqi yoki ichki shoklarga javob beradi. Agar so‘m qandaydir voqelikka (import talabi ortishi, pul o‘tkazmalari sekinlashishi va boshqalar) javob berayotgan bo‘lsa, demak bu yaxshi hodisa. Oxir-oqibat Markaziy bank nominal kurs bo‘yicha target yuritmaydi”, — dedi u.

Mirkomil Xolboyev hozircha so‘mning keskin qadrsizlanishini kutmayotganini bildirdi. Uning fikricha, bunga sabab bo‘ladigan omillar hozircha ko‘rinmayapti, chunki eksport va investitsiyalar faol o‘smoqda.

Iqtisodchi Otabek Bakirov ham so‘m kursidagi o‘zgarishlarni uning moslashuvchanligi oshgani bilan izohladi. Uning ta’kidlashicha, valyuta kursi eksport va import dinamikasi, investitsiya oqimlari hamda kredit kanallari kabi ichki va tashqi makroiqtisodiy omillarga javob berish vazifasini bajarmoqda.

Avvalroq Spot Markaziy bank 2027-yildan kredit to‘lovlarini avtomatik yechib olishni cheklashi haqida yozgan edi.