O‘zbekistonda markaziy isitish tariflarini 2028-yildan boshlab yillik inflyatsiyani hisobga olgan holda, biroq yiliga 10% dan oshmaydigan miqdorda indeksatsiya qilish taklif etilmoqda. Bu haqda 14-oktabr kuni neft-gaz sohasiga mas’ul iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Xurshed Mustafayev matbuot anjumanida ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Spot muxbiri.
Mustafayevning so‘zlariga ko‘ra, tariflarni indeksatsiya qilishni joriy inflyatsiya darajasiga qat’iy bog‘lash iqtisodiy vaziyat o‘zgargan taqdirda mexanizmni qayta ko‘rib chiqishni talab qilishi mumkin.
“Hozirda inflyatsiya haqiqatan ham 5−6% atrofida (1-oktabr holatiga ko‘ra, yillik inflyatsiya 6,4% ni tashkil etdi — Spot izohi). Biroq, o‘zingiz ko‘rib turganingizdek, geosiyosiy vaziyat har kuni o‘zgarib bormoqda. Agar inflyatsiya ushbu chegaradan oshsa-yu, biz qaror bilan uni 5 yoki 6% darajasida qat’iy belgilab qo‘ysak, ertaga bu ko‘rsatkichni oshirish tomon qayta ko‘rib chiqishga to‘g‘ri keladi”, — dedi u.
Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari tariflar oshishi amaldagi yillik inflyatsiyaga mos bo‘lishini, biroq belgilangan 10% lik chegaradan oshmasligini ta’kidladi.
“Shuning uchun bu hech qanday bo‘shliqdan foydalanish imkoniyati emas: tariflar inflyatsiya darajasida, lekin 10% dan oshmagan miqdorda indeksatsiya qilinadi. Inflyatsiya 6 yoki 7% bo‘lishidan qat’i nazar, 2028-yil 1-maydan boshlab tariflar aynan shu ko‘rsatkich darajasida oshiriladi”, — dedi Mustafayev.
Yillik indeksatsiyani 10% bilan cheklash mexanizmi 2026-yil boshidan aholi uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflariga ham qo‘llanilmoqda.
1-iyundan tariflar oshirilishiga izoh berar ekan, Mustafayev aholi, yuridik shaxslar va ayrim yirik korxonalar uchun tariflarning umumiy o‘sishi 10% dan oshmasligini ta’kidladi. Biroq ayrim toifalar bo‘yicha o‘sish bundan yuqori bo‘lishi mumkin.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda 2030-yilga borib isitish tannarxini 30−40% ga kamaytirish rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.