O‘zbekistonda sentabr oyi yakunida iste’mol narxlarining yillik o‘sishi 6,4% ni tashkil etdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi hisobotida ma’lum qilindi.

Yillik inflyatsiya avgust oyidagi 6,2% dan 6,4% gacha tezlashdi. Shu bilan birga, yillik inflyatsiya darajasi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,6 foiz bandiga pasaydi. 2025-yil sentabrida bu ko‘rsatkich 8% ni tashkil etgan.

Sentabr oyida oylik inflyatsiya 0,7% ni tashkil etib, yanvar oyidan beri eng yuqori darajaga chiqdi. Taqqoslash uchun, o‘tgan yilning shu oyida narxlar 0,6% ga oshgan. Yanvar-sentabr oylarida narxlar 4,2% ga qimmatlashdi, o‘tgan yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 5,1% bo‘lgan.

inflyatsiya, narxlar

Oziq-ovqat mahsulotlari sentabr oyida 1% ga qimmatlashdi. 2025-yil sentabrida o‘sish 0,9% ni tashkil etgan. Yil boshidan oziq-ovqat mahsulotlari narxi 2,9% ga (o‘tgan yilning shu davrida 2,1%), so‘nggi 12 oyda esa 6,3% ga (6,1%) oshdi.

Nooziq-ovqat mahsulotlari bir oyda 0,3% ga qimmatlashdi. Yil boshidan narxlar 4,6% ga oshgan bo‘lsa, 2025-yilning yanvar-sentabr oylarida bu ko‘rsatkich 4% edi. Yillik o‘sish esa o‘tgan yilgi 6,1% dan 5,8% gacha sekinlashdi.

Pulli xizmatlar sentabr oyida 0,9% ga qimmatlashdi. O‘tgan yilning shu oyida o‘sish 0,3% bo‘lgan. Yil boshidan xizmatlar narxi 5,6% ga oshdi (2025-yilning shu davrida 12,4%). Yillik hisobda esa xizmatlar narxi 7% ga o‘sdi, o‘tgan yil sentabrida bu ko‘rsatkich 14,9% edi.

Hududlar kesimida oylik narxlar o‘sishi 0,64% dan 0,99% gacha bo‘ldi. Surxondaryo viloyatida va Toshkentda narxlar oy davomida mos ravishda 0,99% va 0,82% ga oshdi. Andijon, Navoiy, Namangan, Qashqadaryo va Sirdaryo viloyatlarida oylik o‘sish 0,71−0,74% ni, boshqa hududlarda esa 0,64−0,70% ni tashkil etdi.

Yillik inflyatsiya bo‘yicha Toshkent 7% bilan birinchi o‘rinda qoldi. Keyingi o‘rinlarda Andijon va Farg‘ona (6,7%), Xorazm (6,6%), shuningdek, Qashqadaryo va Samarqand (6,5%) viloyatlari turibdi.

Narxlar yillik hisobda eng kam Sirdaryo viloyatida — 5,4% ga, Buxoro viloyati va Qoraqalpog‘istonda esa 6% ga oshgan.


Avvalroq Spot O‘zbekistonda inflyatsion kutilmalar yangi minimumga tushgani haqida yozgandi.