Yangilandi: AQSH sudining muddatlarni o‘zgartiruvchi yangi qaroriga ko‘ra, Davlat departamenti ro‘yxatdan o‘tish muddatlarini 29-oktabr kuni rasman e’lon qilishi kerak. DV-2027 Green Card lotereyasida ro‘yxatdan o‘tish 2026-yil 1-noyabrda boshlanishi belgilangan. Shuningdek, departament 3-dekabrga qadar 2027-moliya yili uchun Diversity Visa dasturida tanlangan ishtirokchilarni xabardor qilishi shart.
Eslatma: bu sanalar sud qarorida belgilangan muddatlardir. Ro‘yxatdan o‘tish amalda ochilganini Davlat departamentining rasmiy e’loni orqali tasdiqlash lozim.
AQSHning San-Diyego shahridagi federal sudya Jinsuk Oxta Davlat departamentiga 2027-yil uchun Green Card lotereyasini qayta boshlashni buyurdi, deya xabar berdi Courthouse News Service.
Sud qarori dunyo bo‘ylab 55 ming nafargacha kishiga AQSHda doimiy yashash huquqini olish uchun ariza topshirish imkonini berishi mumkin.
Sudya Marko Rubioga 15-oktabr yarim tungacha lotereyada ro‘yxatdan o‘tish boshlanishini rasman e’lon qilishni topshirdi.
E’londa ro‘yxatdan o‘tishning boshlanish va tugash sanalari, ariza topshirish sayti hamda ishtirok etish talablari ko‘rsatilishi kerak. Ro‘yxatdan o‘tish muddati 30 kun davom etishi belgilangan.
AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyati dasturga qarshi chiqib, bu yil ro‘yxatdan o‘tishni o‘z vaqtida boshlamagan edi. Keyinchalik hukumat lotereyani qayta ochish uchun juda kech bo‘lganini ta’kidladi.
Kaliforniyaning janubida faoliyat yurituvchi Red Eagle Law yuridik firmasi avgust oyida Davlat kotibi Marko Rubioga qarshi da’vo kiritib, ro‘yxatdan o‘tishni qayta boshlashni talab qilgan. Firma asoschisi Kertis Morrison hukumatning harakatsizligi lotereyaning amalda bekor qilinishiga olib kelganini bildirdi.
Sud qaroriga ko‘ra, Davlat departamenti belgilangan muddatda topshirilgan elektron arizalarni, agar ular ishtirok etish mezonlari va hujjatlarga qo‘yilgan talablarga javob bersa, qabul qilishi kerak.
Shuningdek, tanlangan ishtirokchilarning arizalari barcha mavjud vizalar berilguniga yoki 2027-moliya yili sentabr oxirida tugaguniga qadar odatdagi tartibda ko‘rib chiqilishi lozim.
Morrison sud qaroridan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda “Biz g‘alaba qozondik”, deb yozdi. Uning ta’kidlashicha, hukumat o‘ziga yoqmagan qonunlarni shunchaki e’tiborsiz qoldira olmaydi.
https://twitter.com/curtismorrison/status/2110432768274702689
AQSH prezidenti Donald Tramp birinchi prezidentlik davridan buyon Green Card lotereyasiga qarshi chiqib keladi.
2025-yilning 16-sentabridan boshlab Green Card lotereyasi uchun $1 miqdorida to‘lov joriy etildi. 19-dekabrdan AQSH hukumati Green Card (Diversity Visa — turli millat vakillari uchun viza) dasturini to‘xtatgandi.
Avvalroq Spot AQSH Green Card olishda $100 minglik garov joriy etishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.