AQSH hukumati yashash uchun ruxsatnoma (Green Card) olishni istagan xorijliklar uchun pul garovini joriy etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda WSJ xabar bermoqda.

Davlat departamenti Donald Tramp ma’muriyatining immigratsiyani kamaytirish choralari doirasida taklif ustida ishlamoqda.

Yangilikni ro‘yxati aniqlashtirilmagan kam sonli mamlakatlarning alohida arizachilarida sinab ko‘rish taklif etilmoqda.

Garov summasi, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, $100 mingni tashkil etadi. Bunda muayyan holatga qarab garov miqdori bu raqamdan ko‘p yoki kam bo‘lishi mumkin.

Garov faqat Green Card egasi Amerika fuqaroligini olganidan keyin qaytariladi. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, bu kamida 5 yil davom etadi.

The Hill nashri Davlat departamenti rasmiy vakili Tommi Pigottaga tayanib, garov AQSH hukumati tomonidan xorijliklarning “moliyaviy o‘zini o‘zi ta’minlashi” kafolati sifatida ko‘rilishini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, u tibbiy va boshqa ehtiyojlar tufayli “jamiyatga yuk bo‘lishi mumkin bo‘lgan” chet elliklardan undiriladi.

Pigottning ta’kidlashicha, garov pulini to‘lash ariza beruvchining o‘zini mustaqil ravishda moddiy ta’minlay olishini isbotlaydi. Shuningdek, bu tizim boshqa mezonlar bo‘yicha viza ololmagan ayrim xorijliklarga ham viza olish imkonini berishi mumkin.

Nashrning yozishicha, garov puli joriy etilishi AQSHda doimiy yashash ruxsatnomasi (Green Card)ni rasmiylashtirish xarajatlarini sezilarli darajada oshiradi.

Hozirda xorijdan murojaat qilayotgan chet elliklar immigratsion viza (DS-260) uchun onlayn ariza topshirishda $325, ariza ma’qullangach esa Green Cardni rasmiylashtirish uchun yana $235 immigratsion yig‘im to‘laydi.

Yanvar oyida AQSH Davlat departamenti O‘zbekistonni ham o‘z ichiga olgan 75 mamlakat fuqarolariga immigratsion vizalar berishni vaqtincha to‘xtatganini e’lon qilgandi.

Idora bu chora migrantlar foydalanadigan ijtimoiy nafaqalar tufayli yuzaga keladigan “jamiyatga tushadigan yukni” kamaytirishga qaratilganini bildirgan. Fox News ma’lumotiga ko‘ra, cheklovlar viza berish tartiblari qayta ko‘rib chiqilguniga qadar noma’lum muddatga joriy etilgan.

May oyidan boshlab AQSH Fuqarolik va immigratsiya xizmati (USCIS) chet elliklar uchun mamlakatga kelganidan keyin Green Card olish uchun ariza berish imkoniyatini chekladi.

Endilikda AQSH hududida immigratsion maqomni o‘zgartirish (Adjustment of Status) tartibi faqat istisno holatlarda qo‘llaniladi.

Aksariyat ariza beruvchilar Green Card uchun hujjatlarni o‘z fuqaroligi bo‘lgan mamlakatda topshirishi va javobni ham o‘sha yerda kutishi kerak bo‘ladi.

USCIS ta’kidlashicha, sayyoh, talaba yoki vaqtinchalik ishchi sifatida AQSHga kelish Green Card olish jarayonining dastlabki bosqichi sifatida ishlatilmasligi kerak.


Avvalroq Spot AQSH Green Card olish shartlarini yanada qat’iylashtirayotgani haqida yozgandi.

18-sentabrdan AQSH Green Card berishda arizachining davlat yordamiga qanchalik tayanishini ham inobatga oladi.