AQSH Immigratsiya va fuqarolik xizmati (USCIS) yashash guvohnomasi (Green Card) olishni xohlovchi chet elliklar uchun maqomni qayta rasmiylashtirish (Adjustment of Status) tartibini qayta ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi.
Yangi qoidalarga ko‘ra, mamlakatga noimmigratsion vizalar bilan kelgan chet elliklar faqat “istisno holatlarda” yashash uchun ruxsatnoma olishlari mumkin. Aksariyat arizachilar o‘zlari fuqaro bo‘lgan mamlakatdan ariza topshirishlari kerak.
“Chet elliklar o‘z mamlakatlaridan murojaat qilganda, rad etilgandan so‘ng yashirinishga va AQShda noqonuniy qolishga qaror qilganlarni topish va chiqarib yuborish zarurati kamayadi”, — dedi USCIS vakili Zak Kaler.
Xizmat sayyohlar, talabalar yoki vaqtinchalik ishchilarning kelishi “Green Card’ni rasmiylashtirishda birinchi qadam bo‘lmasligi kerakligini” ta’kidladi. Yangi siyosat tizimga “qonunda belgilanganidek ishlash” imkonini berishi kerak, deyiladi bayonotda.
Xorijdan kelib tushgan arizalarning aksariyati Davlat departamenti tomonidan diplomatik vakolatxonalarning konsullik bo‘limlari orqali ko‘rib chiqiladi.
USCIS ta’kidlashicha, tartib-qoidalarni qayta ko‘rib chiqish agentlikka boshqa vazifalarga, jumladan, “odam savdosi jabrlanuvchilariga vizalar berish, shuningdek, naturalizatsiya arizalari"ga e’tibor qaratish imkonini beradi.
Business Insider USCIS vakiliga tayanib, istisnolar “iqtisodiy jihatdan foyda keltiradigan yoki boshqa shaklda milliy manfaatlarga javob beradigan” arizachilarga berilishini ta’kidladi.
Biroq nashr tomonidan so‘ralgan tadbirkorlar va ekspertlar yangi tartibga qarshi chiqishdi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, immigratsiya qoidalarining kuchaytirilishi AQSH iqtisodiyotiga, xususan, yuqori texnologiyali sohalarga zarar yetkazishi mumkin.
AQSHda uzoq vaqt ishlagan va Green Card olishga qaror qilgan mutaxassislar mamlakatdan chiqib ketishlari va konsulliklardagi navbatlar tufayli bir necha oy suhbat kutishlari kerak bo‘ladi. Bunda rad etilgan taqdirda, ariza beruvchida shikoyat qilish mexanizmi bo‘lmaydi.
Davlat departamenti yanvar oyida 75 davlat, jumladan, O‘zbekiston fuqarolariga immigratsion vizalar berishni to‘xtatganini e’lon qildi. Vazirlikning ta’kidlashicha, yangi chora migrantlar tomonidan rasmiylashtiriladigan nafaqalar tufayli “jamiyatga tushadigan yukni” kamaytirishga qaratilgan. Fox News ma’lumotlariga ko‘ra, cheklovlar viza tartiblari qayta ko‘rib chiqilgunga qadar “noaniq muddatga” joriy etiladi.
Bungacha Amerika ma’muriyati bir qator davlatlar, xususan, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston fuqarolariga viza berishda pul garovi talabini joriy etgan edi. $5 mingdan $15 minggacha bo‘lgan garov puli viza muddati tugashidan oldin jo‘nab ketgandan so‘ng yoki kirish rad etilganda qaytariladi.
Avvalroq Spot O‘zbekiston AQSH bilan mehnat migratsiyasi bo‘yicha yangi kelishuvlarga erishgani haqida yozgandi.
Tomonlar tibbiyot xodimlari, yuk mashinasi haydovchilari hamda mavsumiy ishchilarni tayyorlash va ishga joylashtirish bo‘yicha hamkorlik qiladi.