AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Green Card olish qoidalarini yana qat’iylashtirmoqda, deya xabar berdi Reuters nashri.

Yangi qoidalarga ko‘ra, 2026-yil 18-sentabrdan boshlab immigratsiya xodimlari arizachining kelajakda davlat yordamiga qaram bo‘lib qolish ehtimolini baholaydi.

Agar shaxs so‘nggi uch yil ichida 12 oydan ortiq oziq-ovqat yordami (SNAP), Medicaid tibbiy sug‘urtasi, davlat uy-joy subsidiyalari yoki shunga o‘xshash ayrim ijtimoiy yordam dasturlaridan foydalangan bo‘lsa, bu Green Card olish imkoniyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Shu bilan birga, qaror faqat ijtimoiy yordamdan foydalanganiga qarab qabul qilinmaydi. Immigratsiya xodimlari arizachining yoshi, sog‘lig‘i, daromadi, ma’lumoti, kasbiy ko‘nikmalari va oilaviy ahvolini ham hisobga oladi.

Tramp ma’muriyati bu o‘zgarish immigratsiya tizimida o‘zini moliyaviy ta’minlay oladigan shaxslarga ustuvorlik berish, davlat yordamiga qaramlikni kamaytirish hamda soliq to‘lovchilar manfaatlarini himoya qilishga xizmat qilishini ta’kidlamoqda.

Qayd etilshicha, immigrantlar huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar esa yangi qoidani tanqid qilmoqda.

Ularning fikricha, bu kam ta’minlangan oilalarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, shuningdek, ko‘plab muhojirlarni qonuniy ravishda olish huquqiga ega bo‘lgan tibbiy va ijtimoiy yordam dasturlaridan foydalanishdan ham cho‘chitishi mumkin.


Avvalroq Spot AQSH mamlakat ichida Green Card arizalarini qabul qilishni cheklashi haqida yozgandi.

Chet elliklarning aksariyati fuqaroligi bo‘lgan mamlakatdan Amerika yashash guvohnomasini olish uchun murojaat qilishlari kerak bo‘ladi.