Ravshan Burxonov — Gutenberg nashriyot uyi hammuassisi. Biznes va shaxsiy rivojlanishga oid jahon kitoblarini o‘zbek tiliga tarjima qilish va nashr etish bilan shug‘ullanadi. Kasbiy faoliyatini jurnalistika va matbuot sohasida boshlagan, mehnatlari uchun “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.


biznes, gutenberg, kitoblar, kitoblar tavsiyasi, ravshan burxonov

Ravshan Burxonov,

Gutenberg nashriyot uyi hammuassisi.

Bir kuni Amerikadan buyurtma qilgan kitoblarim keldi. Penguin nashriyotining Deluxe turkumidagi mumtoz asarlar: muqovasi ichkariga qayrilgan qanotli, illyustratsiyalarini mohir rassomlar chizgan, qog‘ozi qalin. Jo‘natmani ochdim, kitobni varaqladim va jahlim chiqdi. Sahifalarning qirrasi notekis, xuddi pichoq bilan emas, qo‘lda yirtib kesilgandek edi. Men buni yaroqsiz mahsulot deb o‘yladim.

Keyin bildim: bu nuqson emas, ataylab qilingan bezak ekan. Kitobchilar uni “deckle edge” deb atashadi. Bu usul qadimgi qo‘lda quyilgan qog‘ozning tabiiy qirrasiga taqlidan ishlab chiqilgan. O‘sha kuni bir haqiqatni tan olishga majbur bo‘ldim: nashriyot rahbari bo‘lsam ham, kitob haqida bilmaganlarim hali juda ko‘p ekan.

Kitobga mehrim esa maktab yillarimda boshlangan. Uyimizda katta kutubxona yo‘q edi, shuning uchun qo‘limga tushgan har bir kitobni oxirigacha o‘qirdim. Lekin bolalikdagi o‘qish bilan hozirgi mutolaa orasida katta farq bor. Bola kitobdan voqea-hodisa kutadi. Katta odam esa kitobga savol bilan keladi. Men kitobga savol bilan kela boshlagan kunimni haqiqiy mutolaaning boshlanishi deb bilaman.

Bugun kitob men uchun shunchaki xobbi emas, balki ish quroli. Tarjima qilinadigan har bir kitobni kamida uch marta o‘qiyman: avval o‘quvchi sifatida, keyin muharrir sifatida, oxirida esa asl matn bilan solishtirib. Tarjimalarimizda bitta qat’iy qoidamiz bor: bitta gap 35 so‘zdan oshmasligi kerak.

Sababi oddiy — matn ovoz chiqarib o‘qilganda o‘quvchining nafasi jumla oxirigacha yetishi lozim. Meni kitobga shunchaki qiziqishdan ko‘ra muammolar ko‘proq yetaklagan. Internetdagi maqola savolga javob beradi. Kitob esa savolning o‘zini to‘g‘ri qo‘yishni o‘rgatadi.

Eng yorqin misol pul bilan bog‘liq. Nashriyot biznesida pul g‘alati aylanadi. Bosmaxonaga pulni oldindan to‘laysiz, kitob esa do‘konlarga realizatsiyaga ketadi va pul oylar o‘tib qaytadi. Birinchi kitoblarimizni chiqarganimizda aynan shu bo‘shliqqa tushib qoldik: savdo bor edi, naqd pul yo‘q edi. Yechimni moliya darsligidan emas, krossovka sotgan bir amerikalikning xotiralaridan topdim.

Asosan 3 yo‘nalishda: biznes, tarix va falsafa mutolaa qilaman. So‘nggi paytlarda klassik adabiyotlar mutolaasi ham ko‘paydi, ayniqsa Jon Steynbek va Stefan Sveyg asarlarini ko‘proq o‘qiyapman.

Kitob tanlashda bitta qoidaga amal qilaman: kitob qancha uzoq yashagan bo‘lsa, yana shuncha yashash ehtimoli yuqori bo‘ladi. Shu yilgi bestsellerlarning ko‘pi 5 yildan keyin unutiladi. 2 ming yil yashagan kitob esa yana 2 ming yil yashaydi. Shuning uchun yangi kitobni darhol emas, bir-ikki yil kutib keyin o‘qiyman. Agar bu muddatda u haqida gapirish to‘xtamagan bo‘lsa, demak, unda nimadir bor.

Formatga kelsak, qog‘oz kitobni afzal ko‘raman. Qog‘oz kitobda qayerda nimani o‘qiganimni eslay olaman: chap sahifaning yuqorisida, qalam bilan chizilgan joyda. Ekranda bu xotira yo‘qoladi. Audiokitoblarni deyarli tinglamayman. Audiokitoblar — zamonaviy dunyoning eng katta aldovlaridan biri. Shunga qaramay, o‘z kitoblarimizni audiokitob mezoni bilan tekshiramiz. Yaxshi matn quloqqa ham yoqimli eshitilishi kerak.

Quyida tavsiya qiladigan 5 ta kitobim berilgan. Ularni yozilgan vaqti bo‘yicha ketma-ket joylashtirdim: Troya devorlari ostidagi janjaldan tortib Oregondagi yengil atletika musobaqalari maydonida, mashina yukxonasidan sotilgan krossovkalargacha. Oradagi masofa — 2 700 yildan ortiq.


“Iliada”, Gomer

Tun. Yunonlar qarorgohi. Keksa bir kishi soqchilar orasidan bildirmay o‘tib, eng dahshatli jangchining chodiriga kiradi. U tiz cho‘kib, o‘z o‘g‘lini o‘ldirgan qo‘llarni o‘padi. Bu — Troya podshohi Priam. Qarshisidagi Axilles esa bir necha kun oldin uning o‘g‘li Gektorni o‘ldirib, jasadini aravasiga bog‘lab sudragan edi.

Ikki g‘anim birga yig‘laydi. Priam o‘g‘lini, Axilles esa otasi va halok bo‘lgan do‘sti Patroklni yodga oladi. So‘ng Axilles jasadni qaytarib beradi. “Iliada” mana shu sahna bilan tugaydi.

Ko‘pchilik “Iliada"ni Troya urushi haqidagi doston deb biladi. Aslida unda o‘n yillik urushning so‘nggi yilidagi qariyb 50 kun tasvirlangan. Mashhur yog‘och ot ham, Troyaning qulashi ham bu kitobda yo‘q. Dostonning birinchi so‘zi — “g‘azab”. Gomer bizga urush haqida emas, bir shaxsning g‘azabi va uning tovonini hikoya qiladi.

Voqea oddiy janjaldan boshlanadi. Qo‘shin boshlig‘i Agamemnon eng kuchli jangchisi Axillesni hamma oldida tahqirlaydi va uning o‘ljasi bo‘lgan asira qiz Briseidani tortib oladi. Axilles jangni tark etadi. Yunonlar ketma-ket yengiladi, yuzlab jangchi halok bo‘ladi. Bir rahbarning manmanligi va bir pahlavonning ginasi butun qo‘shinni halokat yoqasiga olib keladi.

Bu kitobdan yetakchilik borasida eng qadimiy saboqni oldim: eng kuchli odamingizni hech qachon ommaviy tarzda kamsitmang. Agamemnon podshoh sifatida bunga haqli bo‘lgandir, biroq u o‘z obro‘sini qo‘shinning g‘alabasidan ustun qo‘ydi.

Menga eng ta’sir qilgan sahna esa oltinchi kitobda. Gektor jangga otlanishdan oldin xotini Andromaxa va go‘dak o‘g‘li bilan xayrlashadi. Bola otasining dubulg‘asidagi yolni ko‘rib, qo‘rqqanidan yig‘lab yuboradi. Gektor kulib, dubulg‘asini yerga qo‘yadi va o‘g‘lini bag‘riga oladi.

Qariyb uch ming yillik dostondagi eng qahramonona lahza jang emas, aynan mana shudir. Har qanday bahodir ham uyda, yaqinlari davrasida oddiy inson. O‘lim bilan yuzma-yuz jangga ketayotgan, qahr-g‘azabga to‘la jangchi ham farzandi uchun mehribon ota. Balki insoniylikning gultoji ham shudir: “Biz hammamiz baribir ojiz insonmiz!”

Dostonni ilk bor talabalik yillarimda o‘qiganman. Bu yil esa unga boshqa nigoh bilan qaytdim. Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimda “Iliada” dostoni haqida qisqa videolar ulasha boshladim. Shulardan biri Ayaks bilan Gektorning yakkama-yakka jangi haqida edi. Ular kun botguncha olishadi, g‘olib aniqlanmaydi, so‘ng bir-biriga sovg‘a ulashib, jang maydonini tark etishadi. Bir daqiqalik videoga sig‘dirish uchun bu sahnani qayta-qayta o‘qidim. Shundagina Gomer har bir tafsilotni qanchalik nozik tanlaganini anglab yetdim.

Bu kitobni rahbarlarga, ayniqsa iqtidorli va o‘jar mutaxassislar bilan ishlaydiganlarga tavsiya qilaman. Yoshlarga ham asqatadi: g‘azab ustida chiqarilgan qaror qanday badal talab qilishini Axillesdan yaxshiroq hech kim ko‘rsatib berolmaydi.

Maslahatim: asarni yaxshi nasriy tarjimadan boshlang va birinchi kitobdagi nizoni diqqat bilan o‘qing. Butun doston aynan shu bir necha sahifadan shakllangan.

biznes, gutenberg, kitoblar, kitoblar tavsiyasi, ravshan burxonov


“Ilohiy komediya”, Dante Aligyeri

1302-yil mart. Florensiya hukumati shoir va siyosatchi Dante Aligyeri haqida sirtdan hukm o‘qidi: agar u shaharga qaytsa, tiriklayin yoqib yuborilsin. Dante o‘shanda 36 yoshda edi. U Florensiyani boshqa hech qachon ko‘rmadi. Umrining qolgan qariyb 20 yilini begona shaharlarda, homiylar panohida o‘tkazdi. Aynan shu yillarda u jahon adabiyotining eng buyuk asarlaridan birini yaratdi.
Doston uch qismdan iborat: “Do‘zax”, “A'rof” va “Jannat”. Unda 100 ta qo‘shiq va 14 mingdan ortiq misra bor. Voqea 1300-yilning bahorida, Pasxa arafasida boshlanadi. O‘ttiz besh yoshli Dante qorong‘i o‘rmonda adashib qoladi. Qadimgi Rim shoiri Vergiliy uni do‘zaxning to‘qqiz doirasidan va a’rof tog‘idan olib o‘tadi. Jannatda esa uni yoshligida sevgan ayoli Beatriche kutib oladi.

Dostonning asosiy g‘oyasi: har bir gunoh o‘z jazosini o‘zi tug‘diradi. Dantening do‘zaxida hech kim tasodifan jazolanmaydi. Masalan, tirikligida boshqalarning kelajagini oldindan ko‘raman deb yurgan folbinlarning boshi orqasiga qaratib burib qo‘yilgan. Endi ular abadiy faqat orqaga qarab yuradi.

Men uchun eng esda qolarli joy — 26 qo‘shiq. Dante do‘zaxda Uliss bilan, ya’ni “Iliada"dagi ayyor Odissey bilan uchrashadi. Qizig‘i shundaki, Dante yunon tilini bilmagan va Gomerni asl nusxada o‘qimagan. Shunga qaramay, Ulissning nutqi dostondagi eng ta’sirchan satrlardan biri sanaladi.

Keksa dengizchi hamrohlarini dunyoning narigi chekkasiga suzib o‘tishga undab, shunday deydi: siz hayvonlardek yashash uchun emas, ezgulik va bilimga ergashish uchun yaratilgansiz. G‘alati tomoni shundaki, Dante uni Troya oti hiylasi uchun do‘zaxga mahkum qilgan. Mening nazarimda, kitob o‘qishning bundan yaxshi ta’rifi yo‘q.

Yana bir narsa meni Dantega yaqinlashtiradi. U dostonini olimlar tili bo‘lgan lotin tilida emas, oddiy xalq so‘zlashadigan toskan shevasida yozgan. Bolonyalik olim Jovanni del Virjilio unga bunday jiddiy asarni lotincha yozishni maslahat bergandi. Bugun esa italyan adabiy tili aynan shu dostondan boshlangan deyiladi. Gutenbergda biz ham xuddi shunday tavakkal qildik: jiddiy fikr o‘zbek tilida ham yashay oladi, deb ishondik.

Bu yil yozda Yel universitetining Pekindagi markazida o‘tkazilgan seminarlarda onlayn qatnashdim. Asarni Allen Mandelbaumning inglizcha tarjimasida dars bilan parallel ravishda o‘qib bordim. Har bir darsdan keyin ma’ruzachining fikrlarini dostonning asl matni bilan solishtirib chiqdim.

Bu tajriba kutilmagan saboq berdi. Ma’ruzachi professor matndan xulosa chiqarganda ajoyib fikrlar bilan o‘rtoqlashardi. Ammo avval xulosani aytib, keyin matnni unga moslab talqin qilganda ko‘pincha adashardi.

Bu xatoga faqat professorlar emas, rahbarlar ham tez-tez yo‘l qo‘yadi. Qarorni oldindan qabul qilib, keyin unga dalil qidirish — eng xavfli odatlardan biri. Endi yangi kitobni nashrga chiqarishdan oldin o‘zimdan so‘rayman: raqamlar meni shu qarorga olib keldimi yoki men qarorga mos raqam qidiryapmanmi?

Bu kitob oson o‘qilmaydi, shuning uchun uni sabrli kitobxonga tavsiya qilaman. Ayniqsa, umrining yarmiga kelib yo‘lini yo‘qotgandek his qilayotgan rahbar, tadbirkor yoki mutaxassisga zarur.

Dostonning ilk misralari aynan shu haqida: “Umr yo‘limizning yarmida o‘zimni qorong‘i o‘rmonda ko‘rdim, chunki to‘g‘ri yo‘l yo‘qolgandi”.

Maslahatim: yaxshi izohlangan nashrni tanlang va “Do‘zax"da to‘xtab qolmang. Ko‘pchilik shu yerda qolib ketadi, holbuki Dantening asl aytmoqchi bo‘lgan gapi “A'rof"da boshlanadi.

biznes, gutenberg, kitoblar, kitoblar tavsiyasi, ravshan burxonov


“Xalqlarning boyligi”, Adam Smit

1776-yil 9-mart. Londonda shotlandiyalik faylasufning ikki jildlik qalin kitobi sotuvga chiqdi. Oradan 4 oy o‘tib, okean ortida Amerika o‘z mustaqilligini e’lon qildi. Ikkala voqea ham bitta savolga javob axtarardi: odamlar qanday qilib erkin va farovon yashashi mumkin?

Kitob to‘g‘nog‘ich ustaxonasi tasviri bilan boshlanadi. Smit hisob-kitob qiladi: bitta ishchi yolg‘iz o‘zi kuniga zo‘rg‘a yigirmata to‘g‘nog‘ich yasashi yoki birorta ham to‘g‘nog‘ich ishlab chiqara olmasligi mumkin. O‘n kishi esa ishni bosqichlarga bo‘lib olib, kuniga 48 mingdan ortiq to‘g‘nog‘ich tayyorlaydi.

Kitobning asosiy g‘oyasi shundan kelib chiqadi: millat boyligi oltin va kumushda emas, odamlar mehnati unumdorligidadir. Bu unumdorlikni esa mehnat taqsimoti, erkin bozor va raqobat oshiradi.

Men uchun eng muhim fikr esa 3-bobda mavjud. Uning sarlavhasi juda zerikarli: mehnat taqsimoti bozor hajmi bilan cheklanadi. Smit quyidagicha misol keltiradi: Shotlandiya tog‘laridagi yakkama-yakka uylarda yashovchi har bir dehqon o‘z oilasi uchun ham qassob, ham novvoy, ham pivo pishiruvchi bo‘lishga majbur. Katta shaharda esa har kim faqat bitta ish bilan shug‘ullana oladi.

Bu satrlarni o‘qiyotib ko‘z o‘ngimga o‘zbek kitob bozori ko‘rindi. O‘zbek tilidagi haqiqiy kitob bozori hali ancha kichik. Shuning uchun nashriyot egasi odatda ham muharrir, ham marketolog, ham omborchi bo‘ladi. Men ham uzoq vaqt shunday ishlaganman.

Smit buning sababini tushuntirib bergan: gap dangasalikda ham, pulda ham emas, balki bozor hajmida. Demak, chiqish yo‘li ham bitta: bozorni kengaytirish va imkon qadar vazifalarni taqsimlash.

Kitobdagi eng mashhur jumla qassob, pivo pishiruvchi va novvoy haqidagi edi. “Biz o‘z tushligimizni ularning saxovatidan emas, balki o‘z manfaatlariga bo‘lgan e’tiboridan kutamiz,” deydi Smit.

Men bundan oddiy bir tadbirkorlik qoidasini angladim: hamkoringizga iltimos bilan emas, balki uning foydasi yuzasidan murojaat qiling. Kitob do‘konlari bilan muzokaralarda ham shunday yo‘l tutaman: ular uchun bizning kitobimiz emas, kitob savdosi muhimroq.

Smitni ochko‘zlik himoyachisi deb biladiganlar bir narsani unutishadi. Mashhur “ko‘rinmas qo‘l” iborasi bu ulkan kitobda bor-yo‘g‘i bir marta uchraydi. Smit avvalo axloq faylasufi bo‘lgan, uning 1759-yilda chiqqan birinchi kitobi “Axloqiy tuyg‘ular nazariyasi” deb nomlanadi.

Buni tadbirkorlarga, ayniqsa, jamoada vazifalarni qanday taqsimlashni bilmayotganlarga tavsiya qilaman. Iqtisodiyot talabalariga ham nihoyatda kerakli: Smitni darslikdagi ikki jumlada emas, balki asl matndan bilish lozim.

Maslahatim: butun kitobni bir yo‘la o‘qishga urinmang. Birinchi kitobning dastlabki uch bobidan boshlang. Ular yigirma sahifacha xolos, lekin zamonaviy iqtisodiyotning ildizi aynan shunda.

biznes, gutenberg, kitoblar, kitoblar tavsiyasi, ravshan burxonov


“Innovatorlar dilemmasi”, Kleyton Kristensen

Genetiklar meva pashshasini o‘rganishni yaxshi ko‘radi, chunki uning yangi avlodlari bir-ikki haftada paydo bo‘ladi. 1990-yillar boshida Garvard biznes maktabining doktoranti Kleyton Kristensen aynan shu sababdan kompyuter disklari sanoatini tanlagan edi. Bu sohada texnologiya vakillari bir necha yil ichida almashinib turardi. Kristensen g‘alati bir qonuniyatni payqadi.

Har safar disklar kichrayganda — 14 dyuymdan 8 ga, keyin 5,25 ga, so‘ng 3,5 dyuymga o‘tganda — eski yetakchilarning aksariyati yangi bozorda yutqazgan. Ular ahmoq ham, dangasa ham emas edi. Aksincha, hamma narsani darslikdagidek to‘g‘ri qilishgan: eng yaxshi mijozlariga quloq tutgan, eng daromadli mahsulotlarga sarmoya kiritgan.

Kitob 1997-yilda bosilib chiqqan. Uning asosiy g‘oyasini bitta jumlaga sig‘dirish mumkin: aynan namunali boshqaruvning o‘zi halokatning asl sababi bo‘lishi mumkin. Yangi texnologiya avvaliga sifatsizroq, arzonroq va kichik bozor uchungina mos bo‘ladi. Yirik kompaniyalar uni jiddiy qabul qilmaydi, sababi ularning eng yaxshi mijozlari buni so‘ramaydi. So‘ngra yangi texnologiya asta-sekin takomillashib boradi va kun kelib bozor markazidan joy oladi.

Men uchun eng muhim tushuncha qiymat tarmog‘i bo‘ldi. Har bir kompaniya o‘z mijozlari, yetkazib beruvchilari va raqobatchilarining chigal tarmog‘i ichida yashaydi. Bu soha unga nima muhim va nima ahamiyatsiz ekanligini o‘rgatadi. Yangi texnologiya esa boshqa tarmoqda dunyoga keladi va eski tarmoq nuqtayi nazaridan qaraganda xuddi o‘yinchoqdek ko‘rinadi.

Kitobni ilk bor bir necha yil avval ingliz tilida o‘qigan edim. Kristensen menga qiyin savol berishni o‘rgatdi: ertaga bizning qog‘oz kitoblarimiz o‘rnini qanday narsa egallashi mumkin? Javob uzoqda emas: elektron kitoblar, audiokitoblar, telefonda o‘qiladigan qisqa matnlar. Bugun bular qog‘oz kitobdan ancha yomonroq ko‘rinadi. Kristensen keltirgan kichik disklar ham avvaliga xuddi shunday ko‘ringan edi.

Ushbu kitobni birinchi navbatda bozorda yetakchi bo‘lib, xotirjamlikka berilgan kompaniyalar rahbarlariga tavsiya qilaman: banklar, chakana savdo, media, nashriyotlar.

Startap asoschilari va investorlariga ham u juda asqotadi, faqat boshqa sabablarga ko‘ra. Kitob ularga raqibning eng zaif nuqtasi qayerda ekanligini ko‘rsatib beradi.

biznes, gutenberg, kitoblar, kitoblar tavsiyasi, ravshan burxonov


“Poyabzal shaydosi”, Fil Nayt

1962-yil. Oregonlik 24 yoshli Fil Nayt Yaponiyaning Kobe shahrida Onitsuka kompaniyasi rahbarlari qarshisida o‘tirardi. Undan so‘rashadi: qaysi kompaniya nomidan keldingiz? Naytning kompaniyasi yo‘q edi. U bir soniya o‘ylab, javob beradi: “Blue Ribbon Sports”. Nike tarixi bir lahzada o‘ylab topilgan mana shu kompaniya nomidan boshlanadi.

Avvalroq Stenfordda o‘qib yurgan kezlarida Nayt kurs ishi yozgandi. Unda yapon yugurish krossovkalari nemis brendlarini siqib chiqarishi mumkin, degan g‘oya ilgari surilgandi. Naytning o‘zi buni “telba g‘oya” deb ta’riflaydi. Keyinchalik u mashinasining yukxonasidan yengil atletika musobaqalarida krossovka sota boshladi.

Kitob shunchaki bir muvaffaqiyat hikoyasi emas. Bu 18 yillik xavotir kundaligi: 1962-yildan kompaniya birjaga chiqqan 1980-yilgacha bo‘lgan davr. Kitobning eng asosiy qahramoni krossovka emas, pul. Savdo hajmi har yili deyarli ikki baravar o‘sadi, bank esa kredit berishdan bosh tortadi. Bir safar kompaniyani yapon savdo firmasi qutqarib qoladi.

Men uchun eng esda qolarli narsa Naytning halolligi bo‘ldi. U o‘zini daho qilib ko‘rsatmaydi. Nom tanlash epizodi buning eng yaxshi misolidir. 1971-yilda yangi poyabzal uchun nom kerak edi va muddat tugab borayotgandi. Naytning o‘zi “Dimension Six” nomini yoqlagan, hamkasblariga esa bu nom yoqmagan. Ilk xodimi Jeff Jonsonga “Nike” so‘zi tushida ayon bo‘ladi. Nayt bu nomni ham unchalik yoqtirmaydi, lekin vaqt qolmagandi. Logotip esa portlendlik talaba Kerolin Devidson tomonidan atigi $35 ga chizilgan.

Bu kitob menga ikki narsani berdi. Birinchisi: o‘sish bilan pul bir narsa emas. Har bir yangi kitob uchun bosmaxonaga oldindan to‘lov qilamiz, pul esa sotuvdan oylar o‘tib qaytadi. Nayt tufayli men savdo hajmiga emas, pulning aylanish muddatiga e’tibor qarata boshladim. Endi har bir nashrni rejalashtirishda birinchi savolim shunday bo‘ladi: bu pul qachon qaytadi?

Ikkinchisi: mukammal nom yoki rejani kutib vaqt yo‘qotmaslik kerak. Nom brendni yaratmaydi, aksincha, brend nomni yaratadi. Bugun “Nike” so‘zini eshitgan odam yunon ma’budasini emas, krossovkani eslaydi.

Ushbu kitobni biznesni endi boshlayotgan va hamma narsa reja bo‘yicha ketishini istayotgan yoshlarga tavsiya etaman. Ular muvaffaqiyatli asoschilar ham ishning avvalida hech narsani bilishmaganini tushunib yetishadi. Kitob moliyachilar va iqtisodchilarga ham juda foydali: naqd pul taqchilligi haqida bundan-da jonliroq darslik borligini bilmayman.

biznes, gutenberg, kitoblar, kitoblar tavsiyasi, ravshan burxonov


Agar bittasini qayta o‘qisam

Beshtadan birini qayta o‘qishim kerak bo‘lsa, “Iliada"ni tanlayman. Qolgan to‘rttasi menga nima qilishni o‘rgatadi, Gomer esa qanday odam bo‘lishni. Biznes kitoblardagi bilim eskiradi: Kristensenning disklari allaqachon muzeyda yotibdi. Lekin g‘azab ustida qaror qabul qilayotgan rahbar uch ming yil oldin ham, bugun ham bir xil xato qiladi. Shuning uchun uni yilda bir marta qayta varaqlayman.

O‘qiganni amalda qo‘llash haqida esa qisqa javobim bor: qo‘llanmagan g‘oya bir haftada unutiladi. Lekin amaliyot ba’zan kitobga qarshi chiqadi.

Fil Nayt butun kitob davomida bitta g‘oyani takrorlaydi: to‘xtamang. Men buni o‘zimga qoida qilib olgandim. Keyin hayot boshqa saboq berdi. Bir paytlar foydalanuvchiga deputatlikka nomzod bo‘lishni o‘yin shaklida sinab ko‘rish imkonini beradigan simulyator loyihasi ustida ishladik.

Prototipini qurdik, lekin kerakli ruxsatni ololmadik. Bir necha oy u uchun kurashdim. Oxiri to‘xtatdim. Shunda tushundim: Naytning “to‘xtamang” degani har qanday loyihani sudrab yurish degani emas. Onitsuka bilan hamkorlik barbod bo‘lganda u maqsadni emas, yo‘lni o‘zgartirdi va o‘z brendini yaratdi. Endi men ham loyiha bilan maqsadni ajrataman. Loyihani hissiyotsiz to‘xtatish mumkin, maqsadni esa yo‘q.

Endi boshlayotganlarga

Muntazam o‘qishga qiynalayotgan odamga birinchi maslahatim: kitobni ro‘yxatdan emas, savoldan boshlang. “O‘qish shart bo‘lgan 100 kitob” ro‘yxati bir hafta motivatsiya beradi. Sizni hozir qiynayotgan savol esa kitobni oxirigacha o‘qishingizga majbur qiladi.

Ikkinchisi: hisobni bilib oling. Kuniga 20 sahifa o‘qisangiz, bir yilda 7 300 sahifa bo‘ladi. Bu 300 sahifalik 24 ta kitob degani. 20 sahifa esa yarim soatcha vaqt oladi. Masalan, men ertalab, telefonni qo‘lga olishdan oldin kitob o‘qiyman.

Uchinchisi: yomon kitobni tashlashdan qo‘rqmang. 50 sahifadan keyin ham kitob sizga hech narsa bermayotgan bo‘lsa, uni yoping. Umr hamma kitobni o‘qishga yetmaydi.

To‘rtinchisi, buni noshir sifatida aytaman: tarjimaga e’tibor bering. Yomon tarjima yaxshi kitobni o‘ldiradi. Bir jumlani uch marta o‘qib tushunmasangiz, ehtimol aybdor siz emas, tarjimon bo‘lishi mumkin.

Oxirgisi eng muhimi: har bobdan keyin bitta jumla yozing. Unda kitob nima deganini emas, ertaga nimani boshqacha qilishingiz mumkinligi haqida yozing. Kitobdan xulosa chiqarish degani shu.