O‘zbekistonda o‘z-o‘ziga kredit berishni taqiqlaganlar soni 2,8 mln dan oshdi. Bu haqda Kredit-axborot tahliliy markazi (KATM) kredit byurosi matbuot xizmati xabar berdi.
2026-yil 1-oktabr holatiga ko‘ra, 2 841 475 kishi kredit byurosining “Kreditga taqiq” xizmatiga ulangan. Ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 19 baravarga oshdi, o‘shanda xizmatdan foydalanuvchilar soni 149 465 kishini tashkil etgan edi.
Jami foydalanuvchilarning 1 656 387 nafari erkaklar (58%), 1 185 088 nafari ayollar (42%) hissasiga to‘g‘ri keladi.
Yosh toifalari bo‘yicha 26−35 yoshdagilar eng katta ulushni — 842 206 kishini (30%) tashkil etadi. 26 yoshgacha bo‘lganlar 703 904 nafar (25%), 36−45 yoshdagilar 676 524 nafar (24%), 46−55 yoshdagilar 354 692 nafar (12%) va 56 yoshdan kattalar 264 149 nafar (9%) ni tashkil qiladi.
Kredit olishni taqiqlash
2025-yilning 6-iyunidan boshlab O‘zbekistonda o‘z-o‘ziga kredit berishni taqiqlash xizmati ishga tushdi. Undan Kredit-axborot tahliliy markazi kredit byurosi saytidan bepul foydalanish mumkin.
Xizmat yordamida shaxs kredit byurosiga ariza berishi va unga kredit yoki qarz berishni taqiqlashi mumkin. Ikki oydan kamroq vaqt ichida qariyb 73 ming kishi o‘z ixtiyori bilan kredit olishni taqiqlagan.
Spot fuqarolar o‘z nomiga kredit rasmiylashtirilishiga onlayn taqiq qo‘yish bo‘yicha xizmat nima uchun kerakligi, shuningdek, xizmatdan qanday foydalanish mumkinligi haqidagi qo‘llanmani taqdim etgandi.
Bundan tashqari, hozirda kredit byurosi orqali kredit tarixi o‘rganilishini cheklab qo‘yish mumkin. Xizmat orqali fuqarolar o‘zlariga tegishli kredit tarixi ma’lumotlarini olinishini taqiqlab qo‘yishlari mumkin bo‘ladi.
Joriy yilning martida KATM Kredit-xabarnoma xizmatini ishga tushirdi. Xizmat orqali foydalanuvchilar o‘z nomiga rasmiylashtirilgan kreditlar haqida darhol xabardor bo‘lishi mumkin.
Avvalroq Spot Markaziy bank 2027-yildan kredit to‘lovlarini avtomatik yechib olishni cheklashi haqida yozgan edi.
