Shoxrux Qudratov Germaniyadagi Yevropa Viadrina universitetida bakalavriat, Buyuk Britaniyadagi Edinburg universitetida esa magistratura bosqichini tamomlagan.
U 2021-yilda ukasi Olimjon Qudratov bilan birgalikda chet tillari o‘quv markazini ochgan. 5 yil ichida loyiha 11 ta filialgacha kengayib, Polyglot xalqaro til maktabi va Behbudiy nomidagi Polyglot xalqaro maktabini o‘z ichiga olgan ta’lim tizimiga aylandi. Hozirda unda 250 nafardan ortiq xodim faoliyat yuritadi.
Shoxrux 2025-yilda do‘sti Ravshan Burxonov bilan birgalikda Gutenberg nashriyotiga ham asos solgan. Birinchi kitobni chop etish uchun $30 mingdan ortiq mablag‘ sarflangan loyiha bugungacha qariyb 20 ming nusxa kitob sotishga muvaffaq bo‘lgan. Hozirda nashriyot Harvard Business Review hamda Stenford universiteti professorlarining biznesga oid kitoblarini o‘zbek tilida rasman nashr etmoqda.
Bundan tashqari, Shoxrux bu yil Garvard universitetining magistratura dasturiga qabul qilingan. U Spot’ga ta’lim biznesini nega aynan Samarqandda yo‘lga qo‘ygani, xususiy maktab ochish va uni yuritishning moliyaviy jihatlari, shuningdek, Garvardga qabul qilinish tajribasi haqida so‘zlab berdi.
Keling, avval Polyglot xalqaro til maktabini qanday tashkil etganingiz haqida suhbatlashsak. Bu jarayon qanday kechgan?
Polyglot dastlab maktab emas, oddiy o‘quv markazi sifatida ish boshlagan. Birinchi markazimizni 2021-yilda ukam Olimjon Qudratov bilan birga Samarqandda 600 mln so‘m sarflab ochganmiz. O‘sha paytda o‘zim ham ingliz tilini o‘rganmoqchi edim, ammo shaharda men istagan usulda ta’lim beradigan markazni topa olmagandim.
Litseyda o‘qib yurgan paytlarimda kursdoshlarim til kurslariga qatnashishardi. Biroq darslarda asosan grammatika qoidalariga e’tibor qaratilardi. Masalan, Present Simple mavzusini o‘rganish uchun 100 ta gap tuzish kabi topshiriqlar berilardi. Menimcha, bunday yondashuv til o‘rganishni zerikarli qilib, o‘quvchilarning qiziqishini pasaytirishi mumkin.
Shu kuzatuvlarimizdan kelib chiqib, ukam bilan tilni osonroq va qiziqarliroq o‘rgatadigan o‘quv markazi ochishga qaror qildik.





Polyglot xalqaro til maktabi. Foto: YouTube skrinshot va Shoxrux Qudratovning shaxsiy arxividan
Birinchi oyda markazimizda 20−30 nafar o‘quvchi bor edi. Dastlab ko‘pchilik metodikamizga unchalik tushunib yetmagandi. Chunki darslarni boshidanoq odatiy yondashuvdan farqli ravishda tashkil etishga harakat qilganmiz. Hatto ilk kunlardanoq mashg‘ulotlarga chet ellik mutaxassislarni ham jalb qilganmiz.
Hozir o‘quv markazlarimizda 6 ming, xalqaro maktabimizda esa 300 nafar o‘quvchi tahsil oladi.
Markazning o‘sishi bilan filiallar faoliyatini boshqarish ham murakkablashgan bo‘lsa kerak. Kengayish jarayonida qanday qiyinchiliklarga duch keldingiz va ularni qanday hal qildingiz?
Har qanday kompaniya uchun kengayish eng murakkab bosqichlardan biri. Bitta o‘quv markazida yaxshi tizim yaratish mumkin, ammo uni boshqa filiallarda ham samarali ishlatish uchun aniq biznes jarayonlari va kuchli jamoa zarur.
Ikkinchi filialimizni ochganimizda aynan shu muammoga duch keldik. Birinchi filialda yaxshi natija bergan jarayonlar yangisida kutilgan samarani bermadi. Shundan so‘ng barcha ish jarayonlarini standartlashtirib, yozma ravishda belgiladik va xodimlar uchun KPI tizimini joriy etdik. Bu filiallar faoliyatini yagona tartib asosida yo‘lga qo‘yishimizga yordam berdi.
Yana bir muhim masala — malakali o‘qituvchilarni topish. Chunki tilni bilishning o‘zi yetarli emas, yaxshi pedagog bo‘lish uchun tegishli mahorat ham kerak. Bu muammoni hal qilish uchun o‘zimizda ta’lim olgan o‘quvchilar va o‘qituvchi yordamchilarini qo‘shimcha mashg‘ulotlar orqali rivojlantira boshladik. Ularning kasbiy o‘sishi uchun alohida tizim yaratdik va yangi o‘qituvchilarni o‘zimiz tayyorlashga kirishdik.
Dastlab til o‘rgatishga ixtisoslashgan markaz tashkil etgansiz. Keyinchalik esa umumiy ta’lim yo‘nalishiga ham kirib, xalqaro maktab ochgansiz. Bu qarorga kelishingizga nima sabab bo‘lgan?
2022-yildan boshlab maktab ochish haqida ham o‘ylay boshladik. Chunki o‘quv markazlarida bolalar haftasiga 3−4 kun, kuniga 1,5−2 soatdan ta’lim olishadi. Bu, albatta, ularga ijobiy ta’sir qiladi, biroq bizning maqsadimiz bundan kengroq edi.





Behbudiy nomidagi Polyglot xalqaro maktabi. Foto: YouTube skrinshot va Shoxrux Qudratovning shaxsiy arxividan
O‘quvchilar hayotiga yanada ko‘proq ijobiy ta’sir ko‘rsatishni xohlardik. Nafaqat til o‘rgatish, balki boshqa fanlarni ham yaxshi o‘zlashtirishlariga ko‘maklashish, tarbiyasi va dunyoqarashiga hissa qo‘shishni maqsad qilgandik.
Shu maqsadda maktab ochish g‘oyasi ustida ishlay boshladik. Keyingi yillarda bu yo‘nalishda izlandik, tajriba orttirdik va boshqa davlatlardagi maktablarga borib, ularning ta’lim tizimlari bilan tanishdik. Oxir-oqibat, shu izlanishlarimiz natijasida maktab ochish orzumizni amalga oshirdik.
Xalqaro maktab ochish katta mablag‘ va infratuzilmani talab qiladi. Loyihani amalga oshirish uchun investitsiyani qanday jalb qildingiz va maktabning umumiy qiymati qancha bo‘ldi?
Maktab uchun xorijiy hamkorlarimizdan investitsiya jalb qilganmiz. O‘zimiz ham, jumladan, o‘quv markazlarimizdan tushgan mablag‘lar hisobidan sarmoya kiritganmiz.
Bugungi kunda maktabimizda laboratoriyalar va xalqaro standartlarga mos sharoitlar yaratilgan. Investitsiyaning katta qismi infratuzilmani rivojlantirish, o‘quvchilar uchun qulay muhit yaratish va malakali kadrlarni jalb qilishga sarflandi. Yaxshi mutaxassislarni ishga olish bilan birga, ularga munosib sharoit va maosh taklif qilish ham muhim.
Umuman olganda, maktab loyihasining umumiy qiymati $5,5 mln ni tashkil etdi. Hozircha kiritilgan investitsiya o‘zini oqladi, deb ayta olmayman.
Sizningcha, ta’lim sohasida biznes boshlamoqchi bo‘lgan tadbirkorlar bu yo‘nalishning qaysi jihatini oldindan hisobga olishlari kerak?
Ta’lim sohasiga kiritilgan investitsiya tezda o‘zini oqlamaydi. Bu uzoq muddatli loyihadir. Ayrimlar xususiy maktab yoki o‘quv markazi ochib, bu sohada katta foyda olish mumkin, deb o‘ylashadi. Biroq ta’limga kiritilgan sarmoya natijasi uzoq muddatda ko‘rinishini, kutilgan foyda esa har doim ham bo‘lavermasligini tushunish kerak.
Maktab xizmatlari aholining to‘lov qobiliyatiga ham mos bo‘lishi kerak. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqi 7,3 mln so‘m. Xususiy maktablarda ta’lim narxlari va ota-onalarning sifatli ta’lim uchun to‘lash imkoniyatini qanday baholaysiz?
Ota-onalar sifatli ta’lim uchun pul to‘lashga tayyor.
Xususiy maktablarda narxlar turlicha: oyiga 1,5−2 mln so‘m bo‘lgan maktablar ham bor. Tanlov imkoniyatlari qanchalik keng bo‘lsa, raqobat ham shunchalik kuchayadi. Bu esa maktablarni ta’lim sifatini oshirishga undaydi.
Foto: Javohir Esonboyev / Spot
Maktab loyihasini yo‘lga qo‘yishda hudud tanlovi ham muhim. Nega Toshkent yoki boshqa yirik shaharlar emas, aynan Samarqandda faoliyat boshlashga qaror qildingiz?
Birinchidan, Samarqand — mening uyim. Ikkinchidan, menimcha, Toshkentda bo‘lgani kabi Samarqandda ham xalqaro maktablar va sifatli ta’lim muassasalari bo‘lishi muhim. Shu sababli faoliyatimizni aynan shu yerda boshladik.
Kelasi yili Samarqandda yana 5 ta filial ochishni rejalashtiryapmiz. Hozircha asosiy maqsadimiz shaharni to‘liq qamrab olib, bu hududda yetakchi ta’lim kompaniyalaridan biriga aylanish. Shundan so‘ng boshqa viloyatlarga ham bosqichma-bosqich chiqmoqchimiz.
Avvalo, Buxoro, Jizzax va Toshkentda filial ochish imkoniyatlarini ko‘rib chiqyapmiz.
Xorijda esa Qozog‘iston va Tojikistonda o‘quv markazlarimizni ochish niyatimiz bor. Bu borada aniq rejalarimiz mavjud: tegishli insonlar bilan muzokaralar olib boryapmiz va ishlarni boshlab yuborganmiz.
Filiallar soni oshgani sari barcha joyda bir xil ta’lim standartini saqlash ham murakkablashadi. Siz bu jarayonni qanday tashkil qilgansiz? Ta’lim sifatini nazorat qilishda qanday boshqaruv usullaridan foydalanasiz?
Dastlab bitta o‘quv markazimiz bo‘lganida darslar sifatini, o‘qituvchilar faoliyati va natijalarini shaxsan nazorat qilish mumkin edi. Lekin filiallar soni ko‘paygani sari aniq tizim va kuchli jamoaga ehtiyoj ortadi.
Hozirgi kunda jamoamizda 250 nafardan ortiq xodim ishlaydi. Ularning 60 nafari maktabimizda, qolgan 190 nafarga yaqini esa o‘quv markazlarimizda faoliyat yuritadi.
Har bir filialimizda bosh o‘qituvchi va menejer bor. Bosh o‘qituvchi darslar Polyglot standartlariga muvofiq o‘tilishini nazorat qiladi. Zarur hollarda o‘qituvchilarning darslariga oldindan ogohlantirmasdan kirib, jarayonni kuzatadi. Shuningdek, o‘quvchilarning bilim darajasi va natijalarini muntazam testlar orqali tekshirib boramiz.
Bundan tashqari, boshqaruv jarayonlariga IT va sun’iy intellekt texnologiyalarini ham joriy etmoqdamiz. Chunki filiallar soni ko‘paygan sari ta’lim sifatini bir xil darajada saqlash uchun zamonaviy texnologiyalardan foydalanish muhim.
Jamoangizda xorijlik mutaxassislar ham ishlashini aytdingiz. Ularni tanlashda qaysi mezonlarga e’tibor berasiz? Shuningdek, yangi muhitga moslashishlariga qanday yordam berasiz?
Xorijlik mutaxassislarni shunchaki chet ellik bo‘lgani uchun ishga taklif qilmaganmiz. Saralash jarayonida shaxsan o‘zim ham qatnashganman. Deyarli 50−60 nafar nomzod orasidan faqat bir nafarini tanlagan paytlarimiz bo‘lgan. Chunki nomzodlarning qadriyatlari, dars berish uslubi va bilimlari talablarimizga mos kelishi muhim.
Foto: Javohir Esonboyev / Spot
Shuningdek, ularning xorijiy maktab va universitetlardagi ish tajribasi hamda erishgan yutuqlariga ham e’tibor qaratganmiz. Shu mezonlar asosida munosib mutaxassislarni jamoamizga taklif qilganmiz.
Xorijlik mutaxassislarning O‘zbekiston sharoitiga moslashishi esa har doim ham oson kechmaydi. Ular o‘zlari bilan boshqa ta’lim tizimi va o‘qitish metodikalarini olib kelishadi.
Biz ularning tajribasi va takliflarini inobatga olamiz, lekin avvalo, ular milliy madaniyatimiz va mahalliy sharoitga qanchalik mos kelishini baholaymiz. Shundan keyingina mos keladigan yondashuvlarni ta’lim jarayoniga tatbiq etamiz.
Endi biznesning iqtisodiy tomoniga qaytsak. O‘quv markazlari va xususiy maktablar faoliyatida daromad hamda xarajatlarga qaysi omillar ko‘proq ta’sir qiladi? Mavsumiylik ham seziladimi?
Daromadga ta’sir qiladigan asosiy omillardan biri — o‘quvchilar soni. Bu borada mavsumiylik ham seziladi. Faoliyatimizni boshlagan paytimizda yoz oylarida o‘quvchilar soni 30−40% ga kamayardi, sentabr va oktabrda esa ikki barobarga oshardi.
So‘nggi 1−2 yilda vaziyat o‘zgardi: viloyatlarda yoz oylarida o‘quvchilar soni ko‘paymoqda, sentabr va oktabrda esa avvalgidek keskin o‘sish kuzatilmayapti. Menimcha, buning sabablaridan biri xususiy maktablar sonining ko‘paygani. Bolalar maktabning o‘zida ham til o‘rganish imkoniga ega bo‘lgani uchun yozgi ta’til paytida ota-onalar ularni qo‘shimcha kurslarga ko‘proq yuborishmoqda.
Xarajatlarning muhim qismini esa xodimlar maoshi, o‘quvchilar uchun sharoit yaratish va filiallar faoliyatini ta’minlash tashkil etadi.
Ta’lim sohasidagi loyihalaringizdan tashqari, 2025-yilda do‘stingiz Ravshan Burxonov bilan birgalikda Gutenberg nashriyotiga ham asos solgansiz.
Ha, Gutenbergni oddiy biznesdan ko‘ra ko‘proq ijtimoiy loyiha deb bilamiz. Hozirgacha 4 ta kitob nashr etdik. Sotuvdan tushgan mablag‘ning deyarli barchasini yangi kitoblar chiqarishga yo‘naltiryapmiz, shu sababli har bir yangi nashr uchun qo‘shimcha sarmoya talab etiladi.
Nashriyot g‘oyasi qanday paydo bo‘lgan? Birinchi kitobni tanlash va uni chop etishga tayyorgarlik jarayoni qanday kechdi?
Loyiha g‘oyasi do‘stim Ravshan bilan suhbatlarimiz davomida paydo bo‘lgan. Biz litseyda birga o‘qiganmiz va o‘sha paytda ham turli loyihalar qilardik. Bu g‘oya ustida kamida 3 yil tayyorgarlik ko‘rdik. 2024-yilda ilk kitobni tanlab, uni nashr etishga kirishdik. Maqsadimiz shunchaki kitob tarjima qilish emas, balki universitetlar va mualliflar bilan hamkorlikda ishlash edi.
Birinchi nashrimiz sifatida Stenford universiteti professori Ilya Strebulaevning venchur kapitali haqidagi “Venchur zehniyati” kitobini tanladik. Mualliflik huquqini olish jarayonida qiyinchiliklarga duch kelganimizda, Yoshlar ishlari agentligi rahbari Alisher Sa’dullayevga murojaat qildik. Ular professor bilan bog‘lanib, kitobi o‘zbek tiliga tarjima qilinayotganini aytdi. Shu tariqa ilk kitobimizni nashr etish yo‘lidagi muhim to‘siqlardan birini yengib o‘tdik va 2025-yilda Gutenberg nashriyotiga asos soldik.
Hozir jamoamizda 8−10 kishi ishlaydi. Ular orasida tarjimonlar va boshqa mutaxassislar bor. Bu yil oxirigacha 10 ta kitob nashr etishni rejalashtirganmiz.





Foto: Ravshan Burxonovning shaxsiy arxividan va Malika Ravshanova / Spot
Nashriyotni boshlash uchun qancha sarmoya kiritdingiz? Birinchi kitobning nashr xarajatlari qancha bo‘ldi?
Nashriyotni boshlaganimizda dastlabki sarmoyamiz deyarli nolga teng edi. Ishlarni o‘zimiz bajarganmiz: Ravshan tarjima va tahrir bilan shug‘ullangan, men loyihani boshqarish, biznes jarayonlari, yuridik masalalar va moliya-buxgalteriya ishlarini olib borganman.
Biroq birinchi kitobimizni nashr etish uchun $30 mingdan ortiq mablag‘ sarflangan bo‘lishi mumkin. Kitob katta tirajda chop etildi va yaxshi sotildi. Hozirgacha uning qariyb 20 ming nusxasi sotilgan.
Shoxrux, Gutenberg orqali xorijiy mualliflarning kitoblarini o‘zbek o‘quvchilariga yetkazishga harakat qilyapsiz. O‘zingiz ham bir nechta tilni bilasiz. Til o‘rganishga qiziqishingiz qachon boshlangan va bunga nimalar turtki bo‘lgan?
Til o‘rganishga qiziqishim bolaligimdan boshlangan. Samarqandda tug‘ilib o‘sganim ham bunga ta’sir qilgan, deb o‘ylayman. Chunki bu shaharda ko‘pchilik o‘zbek, tojik va rus tillarini bilib ulg‘ayadi. Men ham shu uch tilni bilgan holda katta bo‘lganman, bu esa boshqa tillarni o‘rganishimga zamin yaratgan.
Maktabim nemis tiliga ixtisoslashtirilgani sababli bu tilni chuqur o‘rgandim. Natijada Germaniyaning Yevropa Viadrina universitetida bakalavr bosqichini nemis tilida tamomladim. Ingliz tilini ham maktab davrimdan boshlab o‘rganganman va Buyuk Britaniyaning Edinburg universitetida magistratura bosqichida tahsil oldim. Hozirda esa AQShning Garvard universitetida yana magistratura bosqichida tahsil olyapman.
Yangi tillarni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishim Germaniyada yashagan davrimda turk tilini ham o‘rganishimga turtki bo‘ldi. Natijada B2 darajasidagi sertifikatni qo‘lga kiritdim. Arab tilini esa mustaqil o‘rganib, A2 darajasiga erishdim.
Germaniyada bakalavriat, Buyuk Britaniyada esa magistratura bosqichini tamomlagansiz. Shunga qaramay, yana bir bor magistraturada o‘qishga qaror qilishingizga nima sabab bo‘ldi?
Avvalgi ta’limim huquq, siyosat va xalqaro munosabatlarga yo‘naltirilgandi. Biroq amaliy tajribam davomida ta’lim va biznes sohalaridagi bilimlar ham faoliyatimni samarali tashkil etishda muhim ahamiyatga ega ekanini angladim.
Shu sababli yana magistraturada o‘qishga qaror qildim, faqat bu safar ta’lim sohasi bo‘yicha.


Foto: Shoxrux Qudratovning shaxsiy arxividan
Garvard universitetida o‘qish maktab davringizdan beri maqsadlaringizdan biri bo‘lganini aytdingiz. Bu maqsadni amalga oshirish uchun qanday tayyorgarlik ko‘rdingiz? Hujjat topshirish va qabul jarayoni qanday kechdi?
Garvard universiteti haqida ilk bor maktabda o‘qib yurgan paytlarimda eshitganman. O‘shanda bu universitetda o‘qish ancha uzoq maqsaddek tuyulardi. Keyinchalik esa sinab ko‘rishga qaror qildim va hujjat topshirdim.
Nufuzli universitetlarda nomzodlar faqat akademik natijalariga qarab baholanmaydi. Bunda ularning tajribasi, erishgan yutuqlari, amalga oshirgan loyihalari, jamiyatga qo‘shgan hissasi va kelajakdagi maqsadlari ham hisobga olinadi. Menimcha, Garvardga qabul qilinishimda ta’lim sohasidagi faoliyatim va yoshlar uchun amalga oshirgan loyihalarim ham muhim rol o‘ynagan. Shu yo‘nalishdagi ishlarim uchun “Kelajak bunyodkori” medali bilan ham taqdirlanganman.
Hujjat topshirish jarayonida bir nechta muhim bosqichlardan o‘tish kerak. Ulardan biri — motivatsion xat. Unda o‘z tajribangiz, erishgan natijalaringiz, nima uchun aynan shu universitetda o‘qimoqchi ekaningiz va uning hamjamiyatiga qanday hissa qo‘sha olishingizni tushuntirishingiz kerak.
Akademik natijalar va ingliz tilini bilish darajasi ham muhim. Dastur talablariga qarab, IELTS yoki TOEFL kabi xalqaro til sertifikatlari ham so‘ralishi mumkin. Shuningdek, avvalgi ta’lim bosqichlaridagi baholar ham ko‘rib chiqiladi. Men Germaniyada bakalavriat bosqichini 3 yil o‘rniga 2 yilda tamomlaganman. Buyuk Britaniyada esa magistraturani a’lo baholar bilan tugatganman.
Bundan tashqari, 3 ta tavsiyanoma topshirganman. Ularda meni yaxshi biladigan insonlar qobiliyatlarim, tajribam va salohiyatim haqida fikr bildirganlar.
Suhbat bosqichi ham bo‘ldi. Unda ta’lim sohasidagi tajribam, kelajakdagi rejalarim va maqsadlarim haqida savollar berildi. Umuman olganda, bu jarayonda nafaqat akademik natijalar, balki avval nimalar qilganingiz va kelajakda nimalarga erishmoqchi ekaningizni ham ko‘rsata olish muhim. Menimcha, eng asosiysi, o‘z tajribangiz va maqsadlaringizni samimiy va aniq tushuntira olish.
Suhbat davomida ta’lim biznesi, nashriyot, investitsiya va xorijda o‘qish tajribangiz haqida gaplashdik. Bugungi tajribangizdan kelib chiqib, 3−5 yil oldingi o‘zingizga qanday maslahat bergan bo‘lardingiz?
Birinchidan, hech narsadan, ayniqsa, tavakkal qilishdan qo‘rqmaslikni maslahat bergan bo‘lardim. Har qanday tavakkal ham o‘zini oqlamasligi mumkin, lekin muvaffaqiyatga erishsangiz, yaxshi natija olasiz, aks holda tajriba orttirasiz.
Ikkinchidan, bilim olishdan to‘xtamaslik kerak. Universitet yoki magistraturani tugatgach, barcha kerakli bilimlarni oldim, deb o‘ylamaslik lozim. Doim yangi narsalarni o‘rganish va ularni amalda qo‘llash muhim.
Uchinchidan, o‘ziga ko‘proq ishonish kerak. Avvalo, o‘zingizga ishonmasangiz, boshqalarning sizga ishonishi ham qiyin. Shuning uchun o‘ziga ishonib, oldinga intilishdan to‘xtamaslik kerak.
Tadbirkorlikda xato qilish tabiiy. Xatolar orqali o‘rganamiz va tajriba orttiramiz. Shu sababli qilgan xatolarimdan afsuslanmayman, chunki ularning har biri menga saboq bo‘lgan.
Eng muhimi, bir xil xatoni qayta takrorlamaslik. Yangi xatolardan ham to‘g‘ri xulosa chiqarib, tajriba orttirish kerak.


















