Humo Air aviakompaniyasi davlat mulkiga qaytarilgach, qayta sotuvga chiqariladi. Bu haqda 17-sentabr kuni Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (Davaktiv) direktor o‘rinbosari Alisher Miraliyev Spot’ga bergan intervyusida ma’lum qildi.

2022-yil oxirida Humo Air’ning davlatga tegishli 100% ulushi 27,2 mlrd so‘mga Shveysariyaning ValleyRoad Capital S.A. investitsiya kompaniyasiga sotilgan.

Miraliyevning aytishicha, investor shartnomada belgilangan majburiyatlarni bajarmagan. Shu sababli kelishuv bekor qilingan va aviakompaniya joriy yilda davlat mulkiga qaytarilgan.

Endilikda Humo Air’ni 2026−2027-yillarda 62 ta korxonadagi davlat aksiyalari paketlari va ulushlarini ommaviy savdolarga chiqarishni nazarda tutuvchi yangi xususiylashtirish dasturi doirasida sotuvga chiqarish rejalashtirilgan.

Humo Air aviakompaniyasining brendi va amaldagi biznesi bor, samolyotlar esa turli shartlarda ishlatilishi mumkin.

“Shuning uchun u yerda biznes bor. Qiziqarli aktiv. O‘ylaymanki, uning savdolarida ham ishtirokchilar ko‘p bo‘ladi”, — dedi Miraliyev.

KTYADR ma’lumotlariga ko‘ra, Humo Air’ning yagona ta’sischisi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (100%) hisoblanadi. Bungacha 49% davlatga tegishli bo‘lib, qolgan 51% ValleyRoad Capital kompaniyasiga tegishli edi.

davaktiv agentligi, humo air, sotuv, xususiylashtirish

Humo Air

2022-yil oxirida Humo Air’ning davlat ulushi Shveysariyaning ValleyRoad Capital S.A. investitsiya kompaniyasiga o‘tdi. Yangi egasi kompaniyaning 100 foiz ulushini 27,2 mlrd so‘mga sotib oldi.

Dastlab aviakompaniya dastlabki uchta samolyotni olib, 2023-yil iyun oyi oxirigacha loukoster modeli asosida muntazam reyslarni yo‘lga qo‘yishi rejalashtirilgan edi. Biroq samolyotlar kechroq yetib kelgani sababli yo‘lovchi tashish xizmatlari faqat 2023-yil dekabridan boshlandi.

Dastlab Humo Air Toshkentdan Nukus, Samarqand, Urganch va Qarshi shaharlariga parvozlarni yo‘lga qo‘ydi. 7-yanvar kuni Samarqand-Urganch, ikki kundan keyin esa Toshkent-Farg‘ona yo‘nalishlarida qatnovlar boshlandi.

Aviakompaniya yaqin vaqt ichida 1 mingta reysni amalga oshirish va 200 mingdan ortiq yo‘lovchi tashishni rejalashtirgan. Shuningdek, 2024-yil oxirigacha Olmaota, Istanbul va Dubay kabi xorijiy shaharlarga reyslarni yo‘lga qo‘yish niyati bildirilgan.

10-martdan boshlab Humo Air xalqaro reyslarni yo‘lga qo‘yishga tayyorgarlik va “qayta yuklash” jarayoni doirasida barcha parvozlarni vaqtincha to‘xtatdi. Bungacha aviakompaniya faoliyatini qayta tashkil etish va restrukturizatsiya qilishni rejalashtirgan edi.

Mart oyi boshida Humo Air ikkita Airbus A320−200 samolyotini bolgariyalik Fly2Sky lizing kompaniyasiga qaytardi. Loukoster yangi hamkor bilan lizing shartnomasini tuzib, aprel oyidan ichki va xalqaro yo‘nalishlarda parvozlarni qayta boshlashni rejalashtirgan.

Shundan so‘ng Raqobat qo‘mitasi Humo Air’ni “Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunning 19 va 21-moddalari talablarini buzganlikda aybladi.

Aviakompaniyaga bekor qilingan 284 ta reys bo‘yicha 3 mingta murojaat kelib tushgan. Shundan 2 mingta murojaat qanoatlantirilib, aviachiptalar uchun 1,5 mlrd so‘m qaytarilgan.


Avvalroq Spot Davaktiv yil oxirigacha Mobiuz’ning 100% xususiylashtirilishini yakunlashni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.