2026-yil oktabr oyi yakunida O‘zbekistonda iste’mol narxlarining yillik o‘sishi 6,5% ni tashkil etdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi hisobotida ma’lum qilindi.

Yillik inflyatsiya sentabr oyidagi 6,4% dan 6,5% gacha tezlashdi. Shu bilan birga, ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,3 foiz bandga pasaydi. 2025-yil oktabrida yillik inflyatsiya 7,8% bo‘lgan.

Oktabr oyida oylik inflyatsiya 0,6% ni tashkil etdi. Taqqoslash uchun, o‘tgan yilning shu oyida ham narxlar 0,6% ga oshgan. Yanvar-oktabr oylarida iste’mol narxlari 4,8% ga qimmatlashdi, o‘tgan yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 5,7% bo‘lgan.

inflyatsiya, milliy statistika qo‘mitasi, narxlar

Oziq-ovqat mahsulotlari oktabr oyida 1% ga qimmatlashdi. 2025-yilning mos davrida o‘sish 0,9% ni tashkil etgan. Yil boshidan narxlar 3,9% ga (o‘tgan yilning shu davrida 3%), so‘nggi 12 oyda esa 6,4% ga (5,9%) oshdi.

Nooziq-ovqat mahsulotlari bir oyda 0,2% ga oshdi. O‘tgan yilning xuddi shu davrida bu 0,4% bo‘lgan edi. Yil boshidan narxlar 4,9% ga (4,4%), yillik hisobda esa 5,6% ga (5,8%) qimmatlashdi.

Xizmatlar bo‘yicha oylik ko‘rsatkich 0,6% ni tashkil etdi qimmatlashdi. 2025-yilning shu oyida bu 0,3% bo‘lgan. Joriy yil boshidan beri xizmatlar narxi 6,3% ga (o‘tgan yilning oktabrida bu 12,7% edi), so‘nggi 12 oyda esa 7,3% ga (14,4%) oshdi.

Hududlar kesimida oylik inflyatsiya 0,5% dan 0,9% gacha bo‘ldi. Eng yuqori o‘sish Toshkent shahrida — 0,9%, Samarqand viloyatida esa 0,8% qayd etildi.

Yillik inflyatsiya bo‘yicha Toshkent 7,4% bilan birinchi o‘rinda qoldi. Keyingi o‘rinlarda Samarqand (6,7%), Farg‘ona (6,6%), shuningdek, Qashqadaryo, Toshkent va Xorazm (6,5%) viloyatlari turibdi. Narxlar yillik hisobda eng kam Sirdaryo viloyatida — 5,5% ga oshgan.

Avvalroq Spot Markaziy bank inflyatsiyani 5% ga tushirish muddatini hozircha qayta ko‘rib chiqmayotgani haqida yozgan edi.