Markaziy bank inflyatsiyani 5% gacha tushirish muddatini hozircha qayta ko‘rib chiqishni rejalashtirmayapti. Regulyatorning amaldagi maqsadi 2027-yilning ikkinchi yarmida ushbu ko‘rsatkichga erishishdan iborat. Bu haqda 4-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Markaziy bank raisi o‘rinbosari Nodirbek Achilov ma’lum qildi.
Spot muxbirining inflyatsiya targetiga erishish muddati 2030-yilga ko‘chirilishi mumkinmi, degan savoliga Achilov Markaziy bank boshqaruvi tomonidan tasdiqlangan pul-kredit siyosatining asosiy yo‘nalishlarida target muddatini qayta ko‘rib chiqish nazarda tutilmaganini bildirdi. Biroq bu yil davomida shakllanadigan iqtisodiy tendensiyalardan kelib chiqib, masala keyingi yig‘ilishlarda aniqlashtirilishi mumkin.
“Hozirgi sharoitda target gorizontini qayta ko‘rib chiqish inobatga olinmagan”, — dedi u.
Regulyator raisi o‘rinbosari budjet-fiskal siyosat ham inflyatsiyani jilovlashda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda budjet taqchilligining qisqarishi va joriy yilda profitsit kuzatilishi inflyatsiyaga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Achilov budjet taqchilligining qisqarishi va xarajatlarning barqarorlashishi narxlarga qo‘shimcha bosimni cheklashini, shuningdek, pul-kredit siyosatini yanada qat’iylashtirish zaruratini yuzaga keltirmasligini bildirdi. Bu kelgusida amaldagi qat’iy pul-kredit sharoitlarini yumshatish imkoniyatlarini ham kengaytirishi mumkin.
Uning ta’kidlashicha, hozirgi maqsad 2027-yilning ikkinchi yarmi yoki oxiriga borib inflyatsiyani 5% lik ko‘rsatkichga tushirishdir. Bunda hukumat bilan birgalikda amalga oshiriladigan choralar ham muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.
Avvalroq Spot issiqlik va propan narxining oshishi inflyatsiya prognozi ko‘tarilishiga ta’sir qilgani haqida yozgan edi.