Shveysariya rossiyalik milliarderlar Alisher Usmonov va Mixail Fridman, shuningdek, yana bir qator shaxs va kompaniyalarga nisbatan Rossiyaga qarshi sanksiyalarni bekor qildi. Bu haqda mamlakat Iqtisodiy masalalar bo‘yicha davlat kotibiyati (SECO) ma’lumotlariga tayanib RBC nashri xabar berdi.
Qaror Yevropa Ittifoqi sentabr oyida ushbu milliarderlarni sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarganidan keyin qabul qilindi. Shveysariya, shuningdek, sanksiyalar ro‘yxatini yana 254 ta pozitsiyaga kengaytirdi.
Sanksiyalar ro‘yxatidan Alisher Usmonov va Mixail Fridmandan tashqari, Andrey Falaleyev, Redbird Corporate Services Ltd, vafot etgan sobiq Davlat dumasi deputati Yuriy Shvitkin va konstruktor Aleksandr Leonov ham chiqarildi.
Shu bilan birga, Shveysariya Rossiyaga qarshi yangi cheklovlar joriy etdi. Ular 33 ta Rossiya banki, boshqa davlatdagi bitta bank, 17 ta moliyaviy tashkilot va kriptoxizmatlar yetkazib beruvchisi, uchinchi davlatlardagi beshta kompaniya, Rossiyaning to‘rtta aeroporti va ikkita portni qamrab oladi.
Bundan tashqari, Rossiyaning “soya floti” bilan bog‘liq 41 ta kemaga nisbatan cheklovlar joriy etildi. Ularni sotib olish, sotish va ularga xizmat ko‘rsatish taqiqlandi.
Yevropa Ittifoqi 22-sentabrda Alisher Usmonov va Mixail Fridmanni sanksiyalar ro‘yxatidan chiqargan edi. Qaror YI davlatlari o‘rtasidagi bir necha kunlik muzokaralardan keyin qabul qilingan.
Reuters xabariga ko‘ra, Fransiya Usmonovga, Lyuksemburg esa Fridmanga nisbatan cheklovlarni bekor qilishni qo‘llab-quvvatlagan. Latviya qarorga qarshi chiqqan, biroq uni to‘sib qo‘ymagan.
Sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarish ushbu shaxslar va kompaniyalarga nisbatan aynan shu sanksiya rejimi doirasidagi cheklovlar tugashini anglatadi.
Biroq bu Rossiyaga qarshi barcha sanksiyalar bekor qilinganini anglatmaydi. Rossiyaga nisbatan savdo, energetika, moliya va texnologiyalar sohalaridagi boshqa cheklovlar alohida tartibda amal qiladi.
Avvalroq Spot Alisher Usmonov Yevropa Ittifoqiga qarshi Germaniya sudida g‘alabaga erishgani haqida yozgandi.
Sud Usmonovning da’vosini Yevropa Ittifoqi Kengashiga yuborishga to‘sqinlik qilinganini noqonuniy deb topdi va arizachining huquqlarini buzganini bildirdi.