Yevropa Ittifoqi Kengashi Rossiya bilan bog‘liq ikki nafar biznesmen — Alisher Usmonov va Mixail Fridmanga nisbatan sanksiyalarni bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Tegishli qaror 22-sentabr kuni qabul qilinib, Yevropa Ittifoqining Rasmiy jurnalida e’lon qilindi.

Hujjat Ukrainaning hududiy yaxlitligi, suvereniteti va mustaqilligiga putur yetkazuvchi “harakatlar” sabab Rossiyaga qarshi sanksiyalarni yana uch yilga — 2029-yil sentabrigacha uzaytirishni nazarda tutadi. Bungacha ushbu cheklovlar 2014-yil martida joriy etilganidan beri har olti yoki 12 oyda uzaytirib kelingan.

Fridmanning Alfa Group’dagi hamkorlari — Pyotr Aven, German Xan va Aleksey Kuzmichyovga qarshi sanksiyalar esa o‘z kuchida qoladi.

Reuters diplomatik manbalariga ko‘ra, Usmonov va Fridmanga qarshi sanksiyalarni bekor qilish 3 mingga yaqin rossiyalik jismoniy va yuridik shaxsga nisbatan cheklovlarni uch yilga uzaytirish imkonini bergan kelishuvning bir qismi bo‘lgan. Ushbu tashabbusni Fransiya va Lyuksemburg ilgari surgan.

O‘tgan haftada Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarning doimiy vakillari Rossiyaga qarshi sanksiyalarni olti oyga uzaytirish masalasida kelisha olmagan edi.

Shundan so‘ng Yevropa Ittifoqi Kengashi cheklovlarni 22-sentabrgacha amalda qoldirib, shu vaqt ichida kelishuvga erishishni rejalashtirgandi.

DW Bryusseldagi anonim manbalarga tayanib xabar berishicha, bunga Slovakiya va Fransiyaning pozitsiyasi sabab bo‘lgan. Bratislava Usmonov va Fridmanni sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarishni talab qilgan.

O‘z navbatida, Fransiya “milliy xavfsizlikka oid alohida masala"ni sabab qilib, Usmonovga nisbatan cheklovlarni bekor qilishni talab qilgan. DW manbalariga ko‘ra, sanksiyalarni bekor qilishni Parijning “xalqaro hamkorlari” ham talab qilgan.

Usmonov 2022-yil mart oyida Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan. USM Holding asoschisi “davlat bilan bog‘liq biznesmenlar"dan biri — moliyaviy oqimlarni boshqarishda Kremlga yordam beruvchi, mavqeyi Rossiya prezidenti Vladimir Putinga bog‘liq bo‘lgan ishonchli shaxslardan biri sifatida ta’riflangan.

Tadbirkor Yevropa Ittifoqi sanksiyalariga qarshi sudga murojaat qilib, cheklovlar USM tarkibidagi asosiy kompaniyalar — MegaFon, Metalloinvest va Udokanskaya Med’ning bankrot bo‘lishiga olib kelishi mumkinligini bildirgan. Yevropa Ittifoqi Umumiy sudida Usmonovning advokati sanksiyalar joriy etilishiga uning boyligi va mashhurligi sabab bo‘lganini ta’kidlagan.

Usmonovning o‘zi ham sanksiyalar haqida bir necha bor fikr bildirgan. Tadbirkorning aytishicha, cheklovlar uning ishchanlik obro‘siga, shuningdek, u aksiyador bo‘lgan kompaniyalarning xodimlariga ta’sir ko‘rsatmoqda. 2023-yil boshida biznesmen korporativ loyihalardagi ishtirokini to‘xtatib, xayriya faoliyatiga o‘tganini ma’lum qilgan.

2024-yilda Usmonov Frankfurt-na-Mayne prokuraturasiga qarshi odil sudlovga to‘sqinlik qilish va begunoh shaxslarni ta’qib qilish sababli sudga da’vo kiritgan.

Shuningdek, milliarder UBS Europe banki tomonidan shubhali tranzaksiyalar haqida asossiz xabarlar berilgani yuzasidan ham sudga murojaat qilgan. Tadbirkorning himoyasi ushbu xabarlarni unga nisbatan ta’qibga sabab bo‘lgan omil deb hisoblagan.


Avvalroq Spot Yevropa Ittifoqi Kengashi Ukrainaga qarshi davom etayotgan urushga javoban Rossiyaga nisbatan 21-sank­siyalar to‘plamini tasdiqlagani haqida yozgandi.