Spot avval xabar berganidek, Yevropa Ittifoqi bir qator rossiyalik amaldorlar va tadbirkorlarga qarshi sanksiyalar tayyorlagan. Bu harakat Ukrainada davom etayotgan keskinlashuvga javob boʻldi.

28-fevral kuni YeI 26 nafar Rossiya fuqarosiga qarshi yangi sanksiyalar paketini maʼqulladi, deb yozadi “RBK”. Ular orasida USMʼning asosiy aksiyadori Alisher Usmonov, “Альфа-групп” shirkati hammualliflari Mixail Fridman va Petr Aven, “Роснефти” rahbari Igor Sechin va boshqalar bor.

“Prezidentning sevimlilari”

Yevropa Ittifoqi versiyasiga koʻra, Usmonov “davlat biznesmenlari” doirasiga kiritilgan — Kremlning moliyaviy oqimlarga xizmat koʻrsatish boʻyicha ishonchli vakillari, ularning pozitsiyalari prezidentga bogʻliq.

Ularning sanksiyalar roʻyxatiga kiritilishini tasdiqlovchi hujjatda Usmonov “prezident Vladimir Putin bilan ayniqsa yaqin aloqada boʻlgan oligarx” va “prezidentning sevimlilaridan biri” deb atalgan.

Fridman va Aven ham “Putinning eng yaqin oligarxlari” qatoridan joy olgan. Xususan, Fridmanni “Rossiyaning asosiy moliyachisi” deb atashadi va “Альфа-групп” goʻyo hukumatdan xorijiy loyihalarda siyosiy yordam olgan.

Igor Sechin Yevropa Ittifoqida Qrimni anneksiya qilishga va “Ukrainani beqarorlashtirish"ga qaratilgan siyosat tarafdori va foyda oluvchisi sanaladi. Sanksiyalar ostida qolgan “Транснефти” rahbari Nikolay Tokarev “Rossiya hukumati bilan yaqin boʻlishdan foyda koʻradi”.

Shunga oʻxshash sabablarga koʻra Yevropa Ittifoqi Aleksey Mordashov (“Севергрупп” direktorlar kengashi rahbari), Gennadiy Timchenko (“Волга” investitsiya guruhi egasi, Rossiya banki aksiyadori) va Pyotr Fradkovni (“Промсвязьбанк” raisi) qora roʻyxatga kiritdi.

Birinchi shaxs non grata

Sanksiyalar ostida “Rossiyaning Ukrainaga qarshi agressiv siyosatini omma oldida himoya qilgan” prezidentning matbuot kotibi Dmitriy Peskov va Rossiya Federatsiya Kengashi raisining oʻrinbosari Andrey Turchak ham bor edi.

Bosh vazir oʻrinbosari Dmitriy Chernishenko, Qurilish vazirligi rahbari Irek Fayzullin va Transport vazirligi rahbari Vitaliy Savelyev harbiy xizmatchilarni Ukraina bilan chegaraga oʻtkazishni amalga oshirgan “Rossiya temir yoʻllari” kompaniyasi direktorlar kengashi aʼzolari sifatida sanksiyaga tortildi.

Ulardan tashqari, bir qator rossiyalik teleboshlovchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari — Olga Skabeeva, Arkadiy Mamontov, Tigran Keosayan va boshqalarga nisbatan sanksiyalar joriy etildi. Roʻyxatga bir qancha yuqori martabali rossiyalik harbiylar ham kiritilgan.