Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi ayrim qurilish kompaniyalari faoliyati, uylarni topshirish muddatlarining buzilishi va xaridorlarga mablag‘larning qaytarilmasligi bilan bog‘liq vaziyatlar yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Qo‘mita so‘nggi kunlarda bir qator quruvchi kompaniyalar rahbariyatiga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilishi jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘layotganini qayd etib, uy-joy sotib olish uchun pul kiritgan fuqarolarning va’da qilingan xonadonlar va mablag‘larini qaytarib olish imkoniyatidan mahrum bo‘lishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ta’kidladi.

Bunday holatlarning oldini olish maqsadida Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqilayotgan “Ko‘p kvartirali uylar va boshqa ko‘chmas mulk obyektlarini ulush kiritish asosida qurish to‘g‘risida"gi qonun loyihasi bilan eskrou hisobvaraqlari tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda.

Ushbu mexanizmga ko‘ra, xaridorlarning mablag‘lari maxsus bank hisobvaraqlarida saqlanadi va quruvchilarga faqat belgilangan shartlar bajarilganidan keyin o‘tkaziladi. Qo‘mita bu firibgarlik va fuqarolar mablag‘laridan maqsadsiz foydalanish xavfini sezilarli darajada kamaytirishini bildirdi.

Shuningdek, eskrou tizimi qurilishning uzluksizligini ta’minlashga ham xizmat qiladi. Agar loyihani amalga oshirishda jiddiy muammolar yuzaga kelsa, boshqa quruvchini tezkor jalb qilish imkoniyati nazarda tutilgan. Bu dastlabki quruvchi o‘z majburiyatlarini bajara olmagan taqdirda ham qurilishni yakunlash imkonini beradi.

Milliy qo‘mita xaridorlar mablag‘larini ishonchli himoya qilish, quruvchilarning majburiyatlarini bajarishi hamda bozor ishtirokchilari uchun shaffof va teng sharoitlar yaratishni uy-joy qurilishining muhim shartlari deb hisoblaydi.

“Eskrou tizimini imkon qadar tezroq joriy etish bunday inqirozli vaziyatlarning oldini olish va fuqarolarning qurilayotgan uy-joylar bozoriga bo‘lgan ishonchini tiklash uchun zarur qadamdir”, deyiladi xabarda.

Joriy yilning iyul oyida deputatlar eskrou bo‘yicha loyihani birinchi o‘qishda ma’qulladi. Muhokama davomida deputatlar Jinoyat kodeksiga kiritilayotgan ayrim normalarni aniqlashtirish va ikkinchi o‘qishgacha qayta ko‘rib chiqish zarurligini ta’kidladi.

Avvalroq Spot Imarat Development asoschisi Marat Xamdamov jinoyat ishi doirasida ushlangani haqida yozgan edi. Toshkent shahar IIBB kompaniya rahbariyatiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan, Xamdamov jinoyat ishiga gumonlanuvchi sifatida jalb etilgan.