Qonunchilik palatasi “Ko‘p kvartirali uylar va boshqa ko‘chmas mulk obyektlarini ulush kiritish asosida qurish to‘g‘risida"gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.

Hujjat bilan ko‘p kvartirali uylar va boshqa ko‘chmas mulk obyektlarini ulush kiritish asosida qurish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, davlat organlari, banklar, developerlar hamda ulushdorlarning huquq va majburiyatlarini aniq belgilash taklif etilmoqda.

Qonun loyihasining asosiy yangiliklaridan biri fuqarolar mablag‘larini himoya qilish mexanizmlarining joriy etilishidir. Xususan, ulushli qurilishga kiritilgan mablag‘lar endi to‘g‘ridan to‘g‘ri developer ixtiyoriga o‘tkazilmaydi, balki banklarda ochiladigan eskrou hisobvaraqlari orqali saqlanadi.

Shuningdek, fuqarolar mablag‘larini jalb qilish huquqi faqat qonunda belgilangan talablarga javob beradigan, Yagona axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tgan, vakolatli bank bilan bosh bitim tuzgan hamda loyiha deklaratsiyasini e‘lon qilgan developerlarga berilishi taklif etilmoqda.

Loyihaga ko‘ra, ulushli ishtirok etish shartnomasi notarial tasdiqlanib, davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi. Bu bir obyektning bir necha xaridorga sotilishi hamda noqonuniy shartnomalar tuzilishining oldini olishga xizmat qiladi.

Agar developer qonun talablariga zid ravishda fuqarolar mablag‘larini jalb qilsa, ulushdor mablag‘larini qaytarishni hamda ulardan foydalanilgan davr uchun foiz undirilishini talab qilish huquqiga ega bo‘ladi. Talab belgilangan muddatda bajarilmasa, u sudga murojaat qilishi mumkin.

Qonun loyihasida qurilishning uzluksiz moliyalashtirilishini ta‘minlashga qaratilgan mexanizmlar ham nazarda tutilgan. Zarurat tug‘ilganda vakolatli bank yoki developer almashtirilishi mumkin bo‘ladi.

Bundan tashqari, ulushli qurilish bo‘yicha barcha muhim ma‘lumotlar Yagona axborot tizimida e‘lon qilinadi. Bu fuqarolarga developer, qurilish obyekti va loyihaning amalga oshirilishi haqida ochiq ma‘lumot olish imkonini beradi.

Shu bilan birga, ulushli qurilish sohasidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun javobgarlik choralarini joriy etish ham taklif etilmoqda.

O‘zbekistonda eskrou tizimi

Joriy yilning fevral oyida mutaxassislar O‘zbekistonda eskrou tizimi 2026-yil 1-iyuldan ishga tushirilishi mumkinligini bildirgandi. Ularning fikricha, eskrou-hisoblarni joriy etishga birinchi navbatda mahalliy banklar tayyor emas. Me’yoriy baza ishlab chiqilayotgani sababli tizim ishga tushirilishi joriy yil o‘rtalarigacha kechiktirildi.

Mart oyida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Urbanizatsiya milliy qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev ulushli qurilishda eskrou tizimini joriy etish qonunchilikdagi bo‘shliqlar sabab kechikayotganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, tizim bo‘yicha qonun loyihasi deyarli tayyor bo‘lib, uni 1-iyulgacha qabul qilish rejalashtirilgan.

Qurilish vaziri Sherzod Hidoyatov eskrou tizimi quruvchilarning aholidan mablag‘ jalb qilish jarayonini tartibga solishi, moliyaviy xavflarni kamaytirishi va “piramida” sxemalarining oldini olishini ta’kidladi. Hozircha tizim ayrim xususiy banklar tomonidan ixtiyoriy qo‘llanmoqda.

May oyida Iqtisodiyot va moliya vazirligi bo‘limi boshlig‘i Javohfshafirbek Amonov eskrou tizimini joriy etish bo‘yicha ishlar olib borilayotganini ma’lum qilgan edi. Uning ta’kidlashicha, tizim bosqichma-bosqich joriy etiladi va bunda nafaqat uy xaridorlari, balki quruvchi kompaniyalar manfaatlari ham inobatga olinadi.

Hozirda bu borada Adliya vazirligi, Markaziy bank va boshqa idoralar ishtirokida ishchi guruh faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, kelgusida qurilish jarayonidagi uy-joylarni ham eskrou tizimi orqali xarid qilish imkoniyati yaratilishi rejalashtirilmoqda.

10-iyun kuni Shavkat Mirziyoyev ulushli uy-joy qurilishini tartibga soluvchi qonun loyihasi bilan tanishdi. Loyihaga ko‘ra, uy-joy qurilishini moliyalashtirishda eskrou hisobvaraqlari joriy etiladi. Xaridorlarning puli maxsus bank hisobida saqlanib, qurilish shartlari bajarilgandan keyingina quruvchiga o‘tkaziladi.

Iyul oyi boshida deputatlar nihoyat eskrou bo‘yicha qonun loyihasi muhokamasini boshlagandi.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda eskrou tizimi joriy etilishi uy-joy narxlariga ta’sir qilishi mumkinligi haqida yozgandi.