Avvalroq prezident raisligida Toshkentni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, investitsiya va bandlikni oshirish hamda mahallalarda infratuzilmani yaxshilash masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.

Unda Toshkent shahrini kuz-qish mavsumiga tayyorlash, kommunal va energetika infratuzilmasining barqaror ishlashini ta‘minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar ham ko‘rib chiqildi.

Dolzarb 40 kunlik doirasida shahardagi 2 ming kilometr ariq chiqindilardan tozalandi, 500 ming tup mevali va manzarali daraxt hamda gul ko‘chatlari ekildi.

Elektr ta‘minotida muammo bo‘lgan 114 ta mahallada transformatorlar yangilanib, 443 tasi ta‘mirlandi. 600 kilometr elektr tarmog‘i almashtirilib, 2,5 mingta yoritish ustuni soz holatga keltirildi.

Noqonuniy iste‘molning oldini olish va energiya tejamkor texnologiyalarni joriy qilish hisobiga bir oyda poytaxtda 11 mln kilovatt-soat elektr energiyasi va 10 mln kub metr tabiiy gaz tejaldi.

Elektr va gaz tarmoqlaridagi yo‘qotishlarni qariyb 1% ga kamaytirishga erishildi.

Mutasaddilarga noqonuniy qurilmalarni aniqlash, qonun ustuvorligi va jazo muqarrarligini ta‘minlash ishlarini tizimli davom ettirish topshirildi.

Olmazor misolida ko‘rib chiqilgan vazifalar poytaxtning barcha tumanlariga birdek tegishli ekani qayd etildi.

Spot, avvalroq, O‘zbekistondagi barcha oliygohlarda Vaziyatlar markazi tizimi joriy etilishi haqida yozgandi.