Prezident Statistikani rivojlantirish-2030 milliy strategiyasini tasdiqlash hamda ro‘yxatga olish ma‘lumotlaridan samarali foydalanishni tashkil etishga qaratilgan farmonni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar berdi.

Hujjatga ko‘ra, O‘zbekiston hududida biznesni ro‘yxatga olish 2026-yil 1-oktabr holatiga 15-oktabrdan 30-noyabrgacha o‘tkaziladi.

Shuningdek, 2027-yil 1-yanvardan statistika organlari tomonidan har chorakda o‘tkaziladigan tanlanma kuzatuvlar uchun mikrofirma va kichik korxonalar yiliga faqat bir marta tanlab olinishi mumkin.

Farmonga ko‘ra, 2027-yil yakunigacha aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish natijalaridan foydalangan holda Milliy statistika qo‘mitasida aholining statistik registri shakllantiriladi. Uning asosida aholi sonini hisoblash va e‘lon qilib borish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Davlat organlarining aholiga oid ma‘lumotlar bazalari o‘zaro muvofiqlashtirilib, ma‘lumotlarni doimiy yangilab borish uchun statistik registrga integratsiya qilinadi.

Registr Kiberxavfsizlik markazi tomonidan kiberxavfsizlik talablariga muvofiqligi bo‘yicha ekspertizadan o‘tkazilib, tegishli xulosa olinganidan keyin amaliyotga joriy etiladi. Axborot tizimining xavfsizligi doimiy monitoring qilib boriladi.

Aholining statistik registridan alohida ruxsat berilgan xodimlargina faqat statistik maqsadlarda jamlanma ma‘lumotlarni shakllantirish uchun foydalanishi mumkin.

Bunda registrdagi individual ma‘lumotlardan davlat organlari, boshqa yuridik va jismoniy shaxslarning foydalanishi qat‘iyan taqiqlanadi.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligining statistik registri shakllantirilib, undagi ma‘lumotlarning doimiy yangilab borilishi ta‘minlanadi.

Farmon bilan 2026−2030-yillarga mo‘ljallangan milliy strategiyaning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi.

Jumladan, rasmiy statistikani tayyorlovchilar faoliyatini yagona yondashuv asosida muvofiqlashtirish, ma‘lumotlar sifatini ta‘minlash bo‘yicha institutsional salohiyatni oshirish, statistika uslubiyatlarini xalqaro standartlar va zamonaviy modellarga muvofiq takomillashtirish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, raqamli transformatsiyani jadallashtirish, hisobot yukini kamaytirish hamda ma‘lumotlar infratuzilmasini modernizatsiya qilish belgilangan.

Sentyabr oyi boshida prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda oktabr-noyabr oylarida biznesni ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkazilishi taʼkidlangandi.

Spot, avvalroq, Toshkentdagi 497 ta ma’muriy bino tadbirkorlarga ijaraga berilishi haqida yozgandi.