Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev raisligida Toshkentni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, investitsiya va bandlikni oshirish hamda mahallalarda infratuzilmani yaxshilash masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar bergan edi.

Yig‘ilishda Olmazor tumanida mahalla va ko‘chalarni kompleks rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar qayd etildi. Yil boshidan tumandagi 9 ta ko‘cha biznes, aholi va sayyohlar uchun jozibador hududga aylantirilgan. Xususan, Qichqiriq mahallasida 450 o‘rinli bog‘cha, sport maydonchalari, sayilgoh, amfiteatr, piyodalar yo‘lagi va favvoralar barpo etilgan. Natijada 5,5 ming nafar aholining yashash va dam olish sharoitlari yaxshilangan.

Ushbu tajribani kengaytirib, Olmazorda yana 8 ta ko‘chada, poytaxtning qolgan 11 ta tumanida esa kamida 3−4 tadan ko‘chada shu kabi ishlarni boshlash belgilandi.

Toshkentdagi 100 ta ko‘chani kompleks yangilash uchun 1 trln so‘m ajratiladi. Shuningdek, 400 ta mahallani Qichqiriq namunasi asosida obod qilish bo‘yicha 4 yillik, 10 trln so‘mlik dastur ishlab chiqiladi.

Poytaxtning tarixiy qismi — Eski shaharni kompleks rivojlantirish masalasi ham muhokama qilindi. Xorijiy kompaniyalarni jalb qilgan holda 1-noyabrga qadar hududni rivojlantirish bo‘yicha yagona konsepsiya va aniq loyihalar portfelini ishlab chiqish topshirildi.

Yig‘ilishda davlat idoralariga tegishli binolardan samarali foydalanish masalasiga ham e’tibor qaratildi. Hozir Toshkentda umumiy maydoni 765 ming kvadrat metr bo‘lgan 497 ta ma’muriy bino mavjud. Davlat tashkilotlarini maqbul joylashtirish, bo‘sh va samarasiz foydalanilayotgan maydonlarda savdo, servis, xususiy tibbiyot va ta’lim xizmatlarini yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi.

Shuningdek, davlat idoralari binolarini xatlovdan o‘tkazib, foydalanish uchun maqbul maydonlarni tadbirkorlarga uzoq muddatli ijara asosida berish bo‘yicha amaliy ishlarni tashkil etish topshirildi.

Davlat mulkini xususiylashtirish orqali yangi investitsiya va biznes loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi. Jumladan, Olmazor tumanida qiymati 100 mlrd so‘m bo‘lgan 52 ta davlat obyekti savdoga chiqarilmoqda. Ularni tayyor biznes loyihalari bilan birga tadbirkorlarga taklif etish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, poytaxtda piyodalar va sport bilan shug‘ullanuvchilar uchun infratuzilmani rivojlantirish vazifalari belgilandi. Qichqiriq mahallasida 2,5 km uzunlikdagi soybo‘yi hududida ekosayilgoh va 12,5 km piyodalar yo‘lagi tashkil etilgan.

Kanal va katta ariqlar bo‘ylarini aholi uchun ochiq va xavfsiz sayr hududlariga aylantirish taklif qilindi. Xususan, Bo‘zsuv kanalining Shahidlar xotirasi xiyobonidan Chilonzor tumanigacha bo‘lgan qismida 20 km uzunlikdagi uzluksiz piyodalar yo‘lagini tashkil etish imkoniyati ko‘rib chiqildi. Bu bo‘yicha bir oy ichida alohida loyiha ishlab chiqish topshirildi.

Spot, avvalroq, Toshkentdagi Qichqiriq mahallasida O‘zbekistondagi birinchi minorali avtoturargoh barpo etilgani haqida yozgandi.