Shavkat Mirziyoyev Toshkentning Olmazor tumanidagi Qichqiriq mahallasida amalga oshirilgan obodonlashtirish ishlari va aholi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ushbu mahallada 23 ta ko‘p qavatli uy joylashgan. 1 416 ta xonadonda 5,4 ming nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi.

Obod mahalla davlat dasturi doirasidagi ushbu loyihaga mahalliy budjetdan 71,4 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Natijada hudud zamonaviy “yashil” shaharsozlik muhitini o‘zida mujassam etgan haqiqiy ekologik mahallaga aylandi.

Qichqiriq kanali qirg‘og‘i bo‘ylab barpo etilgan sayilgoh uzunligi 2,4 kilometrni tashkil etadi. Suv bo‘yi hududi aholi tun-u kun hordiq chiqaradigan shinam va ozoda maskanga aylantirildi.

Bu yerda 12,4 kilometr uzunlikda piyodalar yo‘lagi yotqizildi, qo‘shimcha yashil hudud tashkil etildi. Suv havzasi ustida muhtasham ayvon, 14 ta shiypon, charxpalak va favvoralar qurildi.

Bugun mahallada 6,5 mingga yaqin manzarali va mevali daraxt parvarish qilinmoqda. Turar joylarning tashqi ko‘rinishi ham yangilandi. Aholi dam olishi uchun yuzlab o‘rindiqlar, yoritish chiroqlari o‘rnatildi.

Yoshlar uchun 12 ta vorkaut maydonchasi va 3 ta futbol maydoni barpo etildi, kutubxonalar foydalanishga topshirildi.

47 ta tadbirkorlik subyekti faoliyat yuritmoqda. Yangi loyihalar hisobiga 61 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Davlat rahbari shu yerning o‘zida aholi bandligini ta‘minlash va kambag‘allik bilan ishlash bo‘yicha mas‘ullarga ko‘rsatmalar berdi.

Qichqiriq mahallasida ham bu borada o‘ziga xos tizim yo‘lga qo‘yilmoqda. Masalan, mahalla fuqarosi Gulnora G‘oyipova kulolchilik to‘garagi va to‘quvchilik sexi faoliyatini yo‘lga qo‘ydi.

Bu yerga mahalladagi ishsiz yoshlar va xotin-qizlar jalb etilib, “Usta-shogird” anʼanasi asosida hunar o‘rganmoqda.

Shuningdek, hududda respublikada birinchilardan bo‘lib zamonaviy minorali avtoturargoh o‘rnatildi. Ushbu 8 qavatli inshoot lift prinsipida ishlaydi. Markazdagi lift avtomobilni qabul qilib, uni o‘ng va chap tomondagi bo‘sh joylarga joylashtiradi.

Natijada atigi bir juft mashina sig‘adigan kichik yer maydonida 16 ta avtomobilni bemalol saqlash imkoni yaratildi.

Bundan tashqari, hordiq chiqarish, turli jamoatchilik tadbirlarini o‘tkazish va mahalla ahlini birlashtirish maqsadida shinam amfiteatr ham barpo etildi.

Bu yerda faoliyat yuritayotgan 2 ta davlat maktabgacha ta‘lim tashkilotida keng ko‘lamli qurilish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Davlat rahbari 441-sonli bog‘chada yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

1976-yilda qurilgan bog‘chaning hududi kengaytirilib, bo‘sh maydonda jami 450 o‘rinli 2 ta yangi bino barpo etildi. Natijada muassasaning umumiy quvvati 835 o‘ringa yetkazildi.

Bog‘chada bolalar uchun “O‘zbek tilini o‘ynab o‘rganamiz” interaktiv platformasi ham joriy etilgan. Prezidentga uning imkoniyatlari haqida ma‘lumot berildi.

Platforma orqali bolalar davlat tilini turli o‘yinlar va raqamli texnologiyalar yordamida o‘rganishi mumkin. Undan mashg‘ulotlarda bolalarning mustaqil fikrlashi va hayotiy ko‘nikmalarini rivojlantirish, shuningdek, ularni turli kasblar bilan tanishtirishda foydalaniladi.

Shuningdek, bog‘chada yo‘l harakati xavfsizligi to‘garagi tashkil etilgan. Bunday to‘garaklarni boshqa maktabgacha ta‘lim muassasalarida ham keng joriy etish va bolalarda yo‘l harakati xavfsizligi madaniyatini bog‘cha yoshidan shakllantirish muhimligi ta‘kidlandi.

Spot, avvalroq, mahalla yettiligi loyihalariga 10 mln so‘mdan grant ajratilishi haqida yozgandi.