Avvalroq prezident raisligida mahallalarga yangi muhit olib kirish hamda “mahalla yettiligi” faoliyatini yangicha tashkil qilish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.

Unda Yangi Quva mahallasi misolida aholini ish bilan ta‘minlash va daromadini oshirish bo‘yicha yangi tartib ko‘rsatib o‘tildi. Ushbu mahallada 51 nafar ishsiz fuqaro bor, ularning 4 nafari agrotexnikumni bitirgan va xonadonida 10 sotixdan tomorqasi mavjud.

Mahalla raisi tomorqada gul ko‘chatiga ixtisoslashgan yengil konstruksiyali issiqxona qurish uchun mahalla bankiriga buyurtma beradi.

Qolgan ishsiz aholi bo‘yicha ham mahalla raisi kim tadbirkor bo‘lmoqchi, qaysi oila daromadini oshirmoqchi, kimga kredit, uskuna yoki yer kerakligini aniqlab, bankirga aniq vazifa qo‘yadi.

Yangi Quva mahallasida bog‘cha yetishmasligi sabab 50 nafar bola qo‘shni mahallaga qatnayapti, hududda esa 70 sotix bo‘sh yer bor. Shu munosabat mahallalarda xususiy bog‘cha, maktab, klinika va sport inshootlari qurish uchun yerni auksionga chiqarish vakolati ham mahalla raislariga beriladi.

Davlat rahbari mahalla raisi ijtimoiy muammolarni hal qilish, tozalikni ta‘minlash va daromadni ko‘paytirishga xizmat qiladigan loyihalarda tashabbuskor bo‘lishi zarurligini ta‘kidladi.

Bunday loyihalar uchun “mahalla yettiligi"ga 10 mln so‘mdan grant ajratiladi. Agar 8 992 ta mahallaning har birida bittadan shunday loyiha amalga oshirilsa, hududlardagi muhit sezilarli o‘zgaradi. Ushbu maqsadlar uchun jami 240 mlrd so‘m resurs shakllantiriladi.

Mahalla raisi o‘z hududining haqiqiy boshqaruvchisi bo‘lishi shart ekani aytildi. Buning uchun u hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, ijtimoiy xodim, profilaktika inspektori, soliqchi va mahalla bankirining haftalik hamda oylik ish rejasini tasdiqlab beradi. Rais “yettilik” a‘zolariga aniq vazifa qo‘yib, ulardan so‘rov qilib boradi.

Shuningdek, “yettilik” faoliyatini metodik qo‘llab-quvvatlash va hududdagi muammolarga ilmiy yondashish uchun Mahallani rivojlantirish milliy instituti tashkil etiladi. U “yettilik"ni o‘qitadi, mahallalardagi dolzarb masalalarga ilmiy yechimlar ishlab chiqadi.

Spot, avvalroq, eng orasta va fayzli “dom” hamda hovlilar soliq imtiyoziga ega bo‘lishi haqida yozgandi.