Shavkat Mirziyoyev raisligida mahallalarga yangi muhit olib kirish hamda “mahalla yettiligi” faoliyatini yangicha tashkil qilish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Unda mahalla bankirlarining ish uslubi tubdan o‘zgarishi belgilandi. Angor tumani Yangiobod mahallasidagi 2 kilometr zovur usti yopilib, 110 ta servis obyekti ishga tushirilgani qayd etildi. Natijada mahalla atrofida yashaydigan 1 225 nafar odam ishli va daromadli bo‘ldi.
Arnasoy tumanidagi Baxtli mahallasining bankiri 20 ta xonadonga 50 mln so‘mdan kredit ajratib, mehmon uylarini ishga tushirdi. Har bir xonadon bir mavsumda 100 mln so‘mgacha daromad olmoqda. Ish yurib ketgani uchun yana 80 ta oila shunday mehmon uylari tashkil qilishga kirishdi.
Endi banklar har bir mahallaning “o‘sish nuqtasi"ni aniqlab, tashabbuskorlarni topishi va daromadli loyihalarni ko‘paytirishi zarur. Bundan buyon bitta mahalla bankiriga ko‘pi bilan uchta mahalla biriktiriladi.
Ikki haftada tashabbuskor, zamonaviy fikrlaydigan oliygoh bitiruvchilari va yosh mutaxassislar orasidan 400 nafar yangi mahalla bankiri tanlab olinadi. Ular bir oy davomida namunali mahallalarga olib borilib, tajriba o‘rganadi.
Joriy yil oilaviy tadbirkorlik loyihalari uchun qo‘shimcha 2 trln so‘m imtiyozli resurs berildi. “Og‘ir” mahallalar uchun kredit stavkasi 17,5% dan 12% ga tushirildi.
Endi mahalla bankirlari o‘zi topgan loyihasi uchun ushbu resursdan foydalanishi mumkin bo‘ladi. Bu tizimni 1-avgustdan amaliyotga joriy etish vazifasi qo‘yildi.
Mahalla bankirlariga biznes faollikni oshirish, tadbirkorlik, ish o‘rni va aholi daromadini ko‘paytirish bo‘yicha KPI belgilanadi. Tuman va shahar hokimlari mahalla raislari bilan birga har bir mahalla bankiriga yil yakunigacha aniq buyurtma shakllantirib beradi.
Davlat banklari bu yil 100 tadan mahallani ixtisoslashtirish tashabbusi bilan chiqqan. O‘tgan yili 9 ta davlat banki ishtirokida mahallalarda agrosanoatni rivojlantirish uchun Agrostar kompaniyalari tashkil qilingan edi.
Endi banklar mahallani ixtisoslashtirish bilan cheklanib qolmasdan, Agrostar‘larni jalb qilgan holda yetishtirish — qayta ishlash — saqlash — qadoqlash — sotish zanjirini yaratadi. Bir oyda dastur qilib, 1 mingta mahallada ish boshlash topshirildi.
Spot, avvalroq, har bir mahalla uchun banklar bilan investitsiya loyihalari portfeli yaratilishi haqida yozgandi.