Avvalroq prezident mahallalar faoliyatini raqamlashtirish va Mahallani rivojlantirish milliy institutini tashkil etish yuzasidan taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.
Taqdimotda mahallalar faoliyatini raqamlashtirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Mahalla yettiligi tomonidan uyma-uy o‘rganishlar davomida 1,36 mln nafar aholining muammolari aniqlangani qayd etildi.
Ushbu muammolarni tezkor hal qilish maqsadida 35 ta vazirlik va idoraning axborot tizimlari Raqamli mahalla platformasiga ulanadi. Platforma orqali mahalladagi dolzarb masalalarni aniqlash, murojaatlarni tizimli tahlil qilish va tegishli yechimlarni tezkor belgilash imkoni yaratiladi.
Shuningdek, sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali har bir mahalladagi eng dolzarb muammolarni oldindan aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha yangi tizim yo‘lga qo‘yiladi.
Har bir mahallaning o‘ziga xos xususiyatidan kelib chiqib, banklar bilan birgalikda aholining biznes tashabbuslari va investitsiya loyihalari portfeli shakllantiriladi. Bu mahalladagi mavjud imkoniyatlarni ish o‘rni va daromad manbaiga aylantirishga xizmat qiladi.
Taqdimotda mahalla faoliyatini ilmiy asosda tashkil etish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Qayd etilganidek, shu vaqtgacha mamlakatda tadqiq etilgan 20 mingga yaqin ilmiy ishning atigi 10 tasida mahallaga aloqador ayrim masalalar o‘rganilgan.
Shu munosabat bilan Mahallani rivojlantirish milliy institutini tashkil etish taklifi bildirildi. Institut faoliyati katta ilmiy salohiyatga ega Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan bog‘liq holda yo‘lga qo‘yiladi.
Yangi institut mahalla tizimidagi islohotlarni ilmiy tahlil qilish, ilg‘or tajribalarni o‘rganish va ommalashtirish, “yettilik” faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi. Ushbu tizim orqali har yili 21 ming nafar mahalla tizimi va “yettilik” aʼzolarining malakasi oshiriladi.
Mahalla fuqarolar yig‘inlari binolari masalasi ham muhokama qilindi. Bugungi kunda 99 ta mahalla o‘z binosiga ega emas, yana 84 tasining binosi shaharsozlik normalariga mos kelmaydi, 4 ta bino esa avariya holatida ekani qayd etildi.
Tadbirkorlar tomonidan mahalla binolarini xususiy sheriklik asosida qurish, binolarning bir qismiga “yettilik"ni bepul joylashtirish, qolgan qismida esa aholi bandligini taʼminlashga xizmat qiladigan kichik sexlar va servis obyektlarini tashkil etish taklif qilindi.
Prezident mazkur takliflarni qo‘llab-quvvatlab, mutasaddilarga “Raqamli mahalla” platformasini to‘liq ishga tushirish, mahallalarning doimiy daromad manbalarini kengaytirish, Mahallani rivojlantirish milliy instituti faoliyatini tashkil etish hamda mahalla binolarini xususiy sheriklik asosida barpo qilish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Spot, avvalroq, Markaziy bank murojaatlar bo‘yicha eng salbiy ko‘rsatkichga ega Top-10 bankni ochiqlagani haqida yozgandi.