Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev elektr energetikasini rivojlantirish istiqbollari va yoqilg‘i-energetika tarmog‘idagi loyihalarni boshqarish mexanizmlarini takomillashtirishga oid taqdimot bilan tanishgani haqida yozgan edi.

Taqdimotda elektr energiyasi iste’molining turli o‘sish ssenariylari ham ko‘rib chiqildi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, iste’mol mo‘tadil o‘sganda 2030-yilgacha generatsiya va talab o‘rtasida yetarli muvozanat saqlanadi. Biroq iqtisodiyot, sanoat, elektr transport va raqamli infratuzilma tez sur’atlarda rivojlangan taqdirda qo‘shimcha generatsiya quvvatlariga ehtiyoj paydo bo‘ladi.

Davlat rahbari energetika sohasidagi rejalar iqtisodiyotning yuqori o‘sish sur’atlarini hisobga olgan holda shakllantirilishi, tizimda doimo yetarli zaxira quvvati bo‘lishi shartligini ta’kidladi.

Shundan kelib chiqib, qo‘shimcha shamol elektr stansiyalari va energiya saqlash tizimlarini barpo etish, amalga oshirilayotgan quyosh va shamol energetikasi loyihalarini jadallashtirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

Ayni paytda iqtisodiy samaradorligi past, moliyalashtirish manbasi aniq bo‘lmagan yoki uzoq vaqtdan buyon kechikayotgan ayrim loyihalarni qayta ko‘rib chiqish zarurligi qayd etildi.

Yangi quvvatlarni tanlashda faqat ularning hajmi emas, balki elektr energiyasi tannarxi, tarmoqqa ulanish imkoniyati, energiya saqlash tizimlari bilan uyg‘unligi va umumiy energobalansga ta’siri asosiy mezon bo‘lishi belgilandi.

Energiya saqlash tizimlari kunduzi quyosh va shamol stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasini to‘plab, uni kechki yuqori yuklama vaqtida tarmoqqa uzatish imkonini beradi. Bu an’anaviy elektr stansiyalarida qo‘shimcha gaz yoqish zaruratini kamaytirib, butun tizim barqarorligini oshiradi.

Hozir energiya saqlash tizimlari bo‘yicha umumiy quvvati 4,2 GVt bo‘lgan 26 ta loyiha shakllantirilgan. Ulardan 17 tasi amalga oshirish bosqichida. 2030-yilgacha ayni yo‘nalishda qo‘shimcha yangi loyihalarni shakllantirish taklif qilindi.

Prezident generatsiya quvvatlarini ko‘paytirish bilan birga ularni iste’molchilarga yetkazib beradigan magistral tarmoq va podstansiyalarni ham oldindan barpo etish zarurligini ko‘rsatib o‘tdi.

2030-yilga qadar 9 ta 220 kVtli va 7 ta 500 kVtli yangi podstansiya qurish, qariyb 5 ming km yangi elektr uzatish tarmoqlarini barpo etish rejalashtirilgan. Bu yangi elektr stansiyalarini energotizimga ulash, hududlar o‘rtasida quvvat almashinuvini kengaytirish imkonini beradi.

Xususan, 2027−2029-yillarda bir qator strategik 500 kilovoltli elektr uzatish tarmoqlari va yangi podstansiyalarni ishga tushirish ko‘zda tutilgan. Taqdimotda ularning qurilish holati, moliyalashtirish masalalari va mavjud kechikishlarni bartaraf etish choralari alohida ko‘rib chiqildi.

Qoraqalpog‘istonda qayta tiklanuvchi energiyaning katta salohiyatidan foydalangan holda raqamli iqtisodiyot uchun yangi infratuzilma yaratish masalasi ham muhokama qilindi.

Hududda istiqbolli shamol elektr stansiyalarini 1 GVt quvvatli data-markazlar bilan bog‘lash, buning uchun yangi 220 kVtli podstansiya va elektr uzatish tarmoqlarini qurish taklif etildi.

Mazkur infratuzilma yangi data-markazlarni energotizimga integratsiya qilish, yuqori texnologiyali investitsiyalarni jalb etish va hududning mavjud energetik salohiyatidan samarali foydalanish imkonini berishi qayd etildi.

Avvalroq Spot Toshkentda bir oyda 11 mln kVt·soat elektr va 10 mln kub metr gaz tejalgani haqida yozgan edi.