22-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev elektr energetikasini rivojlantirish istiqbollari va yoqilg‘i-energetika tarmog‘idagi loyihalarni boshqarish mexanizmlarini takomillashtirishga oid taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
So‘nggi yillarda sohaga xususiy sektor va xorijiy investorlar keng jalb qilinib, yangi generatsiya quvvatlarini barpo etish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish va tarmoqlarni modernizatsiya qilish bo‘yicha yirik loyihalar amalga oshirildi.
Bu boradagi islohotlar natijasida quyosh va shamol elektr stansiyalarining umumiy quvvati 6,3 GVt dan oshdi. Gidroelektr stansiyalar soni 100 tadan ortib, ularning umumiy quvvati 2,5 GVt ga yaqinlashdi. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari kengayishi hisobiga har yili katta miqdorda tabiiy gaz tejalmoqda.
2030-yilga borib, mamlakat iqtisodiyoti hajmini $300 mlrd ga yetkazish maqsad qilingan, aholi soni esa 41 mln dan ortishi kutilmoqda. Sanoatning o‘zida elektr energiyasi iste’moli 2030-yilgacha 38 mlrd kVt/soat dan 53,5 mlrd kVt/soat gacha o‘sishi prognoz qilinmoqda.
Elektromobillar va data-markazlar rivojlanishi ham tizimga qo‘shimcha yuklama berishi qayd etildi.



Shu bois, generatsiya quvvatlarini talabdan oldin rivojlantirish, elektr tarmoqlarining o‘tkazuvchanligini oshirish va yetarli zaxira quvvatlarini shakllantirish zarurligi qayd etildi.
Rejaga ko‘ra, 2030-yilga borib, mamlakatdagi generatsiya quvvatlari 46,1 gigavattga yetkazilib, yiliga qariyb 129 mlrd kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi. 2035-yilda esa quvvatlarni 57,2 gigavattga, yillik generatsiyani 154,7 mlrd kVt/soat ga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Avvalroq Spot Toshkentda bir oyda 11 mln kVt·soat elektr va 10 mln kub metr gaz tejalgani haqida yozgan edi.


