Shavkat Mirziyoyev mahallalar faoliyatini raqamlashtirish va Mahallani rivojlantirish milliy institutini tashkil etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Yil yakuniga qadar 1 mln aholini doimiy ish bilan taʼminlash, 181 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish, kambag‘allikdan xoli mahallalar sonini 2,5 barobar oshirib, 3,5 mingtaga yetkazish, ishsizlik va kambag‘allik darajasini 4,5% gacha tushirish maqsad qilingan.
Yil boshida infratuzilma, aholi turmush darajasi, biznes faollik va moliyaviy imkoniyatlari cheklangan 37 ta “og‘ir” tuman hamda 915 ta “og‘ir” mahalla bilan ishlash bo‘yicha yangi tizim yaratilgan edi. Buning uchun barcha zarur mablag‘lar ajratildi.
Xususan, respublika budjetidan “og‘ir” tuman va mahallalarda infratuzilmani yaxshilash uchun 12 trln so‘m yo‘naltirildi. Bunga qo‘shimcha ravishda har bir shunday tumanga 50 mlrd so‘mdan, har bir mahallaga 2 mlrd so‘mdan mablag‘ berildi.
Viloyat hokimliklari tomonidan ham mazkur 37 ta tumanning har biriga 10 mlrd so‘mdan, 915 ta mahallaning har biriga esa 1 mlrd so‘mdan mablag‘ ajratildi.
Natijada tuman hokimliklari va mahalliy kengashlar “og‘ir” tuman va mahallalar uchun qo‘shimcha yana 4 trln so‘m mablag‘ga ega bo‘ldi.
Taqdimotda mahallalarni qo‘llab-quvvatlash uchun Respublika mahalla jamg‘armasiga yana 200 mlrd so‘m ajratilgani maʼlum qilindi. Shuningdek, mahallalar uchun 300 mlrd so‘mdan ziyod qo‘shimcha doimiy daromad manbalari yaratilmoqda.



Jumladan, mahalla hududida sanitariya va noqonuniy qurilish bo‘yicha jarimalarning bir qismi mahalla budjetlariga yo‘naltiriladi. Yer va mol-mulk solig‘idan tushadigan tushumlarning ulushi 10% dan 15% ga oshiriladi. Bo‘sh maydonlarni ijaraga berish va ayrim binolarni sotishdan tushadigan mablag‘lar ham mahallalarning o‘zida qoldiriladi.
Ushbu mablag‘lar birinchi navbatda ichki yo‘llarni taʼmirlash, piyodalar yo‘lakchalarini tashkil qilish, bolalar va sport maydonchalarini qurish, mahalla bog‘larini barpo etish, ehtiyojmand oilalar bandligini taʼminlash bo‘yicha dasturlarni amalga oshirishga yo‘naltiriladi.
Shu bilan birga, jinoyat yo‘liga adashib kirib qolgan 245 ming fuqaroni kasb va hunarga o‘qitish, ularni ijtimoiy hayotga qaytarish bo‘yicha alohida ishlar tashkil qilinadi.
Spot, avvlaroq, xususiy kasbiy ta‘lim markazlariga 7 yilgacha imtiyozli kreditlar berilishi haqida yozgandi.


