Shavkat Mirziyoyev xususiy kasbiy taʼlimni rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Yig‘ilishda kasbiy taʼlim xizmatlarini ko‘rsatishda xususiy sektorning imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha yangi choralar muhokama qilindi.

Kelgusi uch yilda xususiy sektor ulushini oshirish orqali xalqaro standartlar asosida ochilgan o‘quv va baholash markazlarining sonini hozirgi 50 tadan 200 taga yetkazish, xususiy kasbiy taʼlim bilan har yili 500 ming nafar aholini qamrab olish maqsad qilingan. Ayni paytda bu ko‘rsatkich 45 ming nafarni tashkil etmoqda.

Buning uchun 300 dan ortiq o‘quv dasturlari qayta ko‘rib chiqilib, xalqaro talablarga moslashtiriladi. Kamida 1 ming nafar o‘qituvchi va taʼlim ustalarining malakasi oshiriladi. Ushbu dasturlarni moliyalashtirish uchun Bandlik jamg‘armasidan 500 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.

Taqdimotda tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar davomida bildirilgan taklif va muammolar ham ko‘rib chiqildi.

Muloqotlarda tadbirkorlar tomonidan xususiy kasbiy taʼlim markazlari uchun bojxona boji va ijtimoiy soliq bo‘yicha imtiyozlar, imtiyozli kreditlar, ayrim xarajatlarni kompensatsiya qilish, yangi qurilgan binolar uchun tashqi infratuzilmani budjet hisobidan barpo etish, yer uchastkalari qiymatini foizsiz bo‘lib to‘lash, bo‘sh bino va maydonlardan foydalanish imkoniyatlarini yaratish masalalari ko‘tarilgan.

Shu munosabat bilan xususiy kasbiy taʼlim tashkilotlari uchun zarur asbob-uskuna va jihozlarni bojxona bojidan ozod qilish, xorijiy o‘qituvchilar, mutaxassis va ustalar uchun ijtimoiy soliq stavkasini 1% etib belgilash taklif qilindi.

Shuningdek, 2 yillik imtiyozli davr bilan 7 yilgacha imtiyozli kreditlar ajratiladi. Bino qurilishi va taʼmiri, zarur uskunalarni xarid qilish uchun olingan kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarining 7%i qoplab beriladi.

Xorijiy mutaxassislar va malakali o‘qituvchilarni jalb qilish xarajatlarining 50%i kompensatsiya qilinadi. Kasbiy malakani baholash uskunalari va dasturiy mahsulotlar xarajatlarining 30%i, xorijda tan olinadigan va milliy kasbiy malaka sertifikatlari xarajatlarining 50%i miqdorida kompensatsiya to‘lanadi.

Shu bilan birga, bunday imtiyoz va qo‘llab-quvvatlash choralaridan foydalangan tadbirkorlar qurilgan yoki ijaraga olingan binolarning kamida 60 foizida kasbiy tayyorgarlikni tashkil etishi va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazishi shart bo‘ladi.

Tadbirkorlarga sotilgan yer uchun to‘lovni 5 yilgacha foizsiz bo‘lib to‘lash, bo‘sh turgan davlat obyektlarini kamida 5 yilga ijaraga olish, texnikumlardagi bo‘sh binolardan bepul foydalanish imkoniyati beriladi.

Xususiy kasbiy taʼlim tashkilotlarini rivojlantirish uchun yil yakunigacha ularni jihozlash dasturiga $100 mln jalb qilinadi. Bitiruvchilar loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida $5 mlnlik Venchur jamg‘armasi tashkil etiladi. Shu yildan boshlab har yili “kasb vaucheri” dasturi uchun 20 mlrd so‘m ajratib boriladi.

Taqdimotda xususiy kasbiy taʼlim tashkilotlari uyushmasini tashkil etish, uning faoliyatini moliyalashtirish hamda Ko‘nikmalar parki ekotizimini yaratish rejalari ham ko‘rib chiqildi. Soha muammolarini davlat idoralari bilan birgalikda tezkor hal qilish uchun doimiy ishlaydigan raqamli muloqot platformasini yo‘lga qo‘yish zarurligi taʼkidlandi.

Prezident taqdim etilgan choralarni maʼqullab, xususiy kasbiy taʼlimni rivojlantirish, o‘quv dasturlarini xalqaro standartlarga moslashtirish, aholini talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitish va tadbirkorlar uchun yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanish yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.


Spot, avvalroq, xorijda ishlamoqchi bo‘lganlarga til kursi va imtihon xarajatlari qoplab berilishi haqida yozgandi.