Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev elektr energetikasini rivojlantirish istiqbollari va yoqilg‘i-energetika tarmog‘idagi loyihalarni boshqarish mexanizmlarini takomillashtirishga oid taqdimot bilan tanishgani haqida yozgan edi.

Taqdimotda sohadagi investitsiya loyihalarini shakllantirish va amalga oshirish tizimini tubdan o‘zgartirish bo‘yicha takliflarga alohida e’tibor qaratildi.

Amalda ko‘p hollarda loyiha investor tashabbusidan boshlanadi. Yer maydoni, tarmoqqa ulanish, texnik shartlar, tarif va investitsiya bitimlari turli idoralar bilan alohida kelishiladi. Bu esa jarayonlarning cho‘zilishi, idoralar funksiyalarining takrorlanishi va ayrim loyihalarning tizim ehtiyoji bilan yetarlicha bog‘lanmasligiga olib kelmoqda. Shu bois, yangi boshqaruv modeli taklif qilindi.

Endilikda energetika loyihalari, eng avvalo, iqtisodiyot, aholi va hududlarning istiqboldagi ehtiyojidan kelib chiqib shakllantiriladi. Avval talab aniqlanadi, keyin zarur generatsiya va infratuzilma quvvatlari rejalashtiriladi. Yer maydoni, tarmoqqa ulanish nuqtasi va texnik yechimlari oldindan tayyor bo‘lgan loyiha shakllantirilib, investor ochiq va raqobatli tanlov asosida aniqlanadi.

Bunda har bir idoraning vazifa va javobgarligi aniq belgilanadi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi talab prognozini shakllantiradi, Energetika vazirligi strategik rejalashtirish va texnik siyosat uchun javob beradi, Energetika bozori regulyatori bozor munosabatlari va tariflarni tartibga soladi. Investitsiyalar sohasiga mas’ul idoralar investorlarni ochiq tanlov asosida jalb qiladi, mahalliy hokimliklar esa yer va zarur infratuzilma masalalarini hal etadi.

Shuningdek, hududlar va tarmoqlar kesimida energiya resurslariga bo‘lgan ehtiyojning aniq prognozini shakllantirish, shu asosda har yili yangilanadigan uch yillik investitsiya rejalarini qabul qilish taklif etildi. Bu generatsiya quvvatlari, elektr tarmoqlari va zarur infratuzilmani o‘zaro muvofiq holda oldindan rejalashtirish imkonini beradi.

Uzoq muddatli istiqbolda esa 2050-yilgacha yoqilg‘i-energetika resurslari bilan ta’minlash konsepsiyasini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan. Unda milliy resurs salohiyati, demografik va iqtisodiy o‘sish, energiya samaradorligi, qayta tiklanuvchi va atom energetikasini rivojlantirish, shuningdek, energetika xavfsizligini ta’minlash masalalari kompleks hisobga olinadi. Konsepsiyani har besh yilda qayta ko‘rib chiqish taklif qilindi.

Davlat rahbari energetikada har bir yangi loyiha iqtisodiyot va aholining uzoq muddatli ehtiyojiga xizmat qilishi, ishlab chiqarish, tarmoq yuklamasi va iste’mol o‘rtasida doimiy muvozanat ta’minlanishi kerakligini ta’kidladi.

Mutasaddilarga amalga oshirilayotgan yirik loyihalarni belgilangan muddatlarda ishga tushirish, kechikayotganlari bo‘yicha investorlar bilan aniq choralar ko‘rish, generatsiya quvvatlari bilan elektr tarmoqlarini mutanosib rivojlantirish, energiya saqlash tizimlarini kengaytirish hamda sohada yangi rejalashtirish va boshqaruv modelini joriy etish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.


Avvalroq Spot Toshkentda bir oyda 11 mln kVt·soat elektr va 10 mln kub metr gaz tejalgani haqida yozgan edi.