Avvalroq Toshkentda avtobus va metroda bir martalik elektron to‘lovni 1700 so‘mdan 2500 so‘mga oshirish taklif etilgandi. Bu bo‘yicha Xalq deputatlari poytaxt Kengashining qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi jamoat transporti tariflarini qayta ko‘rib chiqish hamda poytaxtda School Bus tizimini joriy etish masalalari yuzasidan o‘z pozitsiyasini bildirdi.
Partiyaga ko‘ra, jamoat transporti tariflarini belgilashda tashuvchilar xarajatlari bilan birga aholi daromadlari, oilaviy xarajatlar, o‘quvchi va talabalarning kundalik qatnovi, shuningdek, kam daromadli va ko‘p farzandli oilalarning imkoniyatlari ham hisobga olinishi kerak.
Xalq demokratik partiyasi barcha o‘quvchilar uchun jamoat transportida imtiyozli tarif joriy etish, ijtimoiy himoyaga muhtoj va ko‘p farzandli oilalar farzandlari uchun esa qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yaratishni taklif qilmoqda. O‘quvchilar uchun imtiyozli tarif joriy etish partiyaning saylovoldi dasturida ham belgilangan.
Shuningdek, partiya o‘quvchilarning maktabga xavfsiz va qulay qatnovini ta‘minlash uchun School Bus tizimini joriy etish muhimligini qayd etdi. Biroq mazkur tizim ota-onalar uchun qo‘shimcha moliyaviy yuk bo‘lmasligi kerakligi ta‘kidlandi.
Avval o‘tkazilgan so‘rovda qatnashganlarning 73,5% i Toshkentda School Bus tizimini joriy etish taklifini qo‘llab-quvvatlagan.
Partiya tariflardagi o‘zgarishlarning ijtimoiy ta‘sirini ochiq baholash, qarorlarning asoslarini jamoatchilikka tushunarli tarzda yetkazish hamda o‘quvchilar uchun samarali imtiyozli tariflar va oilalarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yaratish zarurligini bildirdi.
11-sentabr kuni Transport vazirligi tariflarni oshirish taklifiga munosabat bildirib, amaldagi yo‘l haqi tashuvchilar xarajatlarining faqat bir qismini qoplashi, asosiy moliyaviy yuk esa davlat budjeti zimmasida qolayotganini qayd etgandi.
Vazirlik tariflarning ehtimoliy o‘zgarishi xizmat sifati, qatnovlar muntazamligi, transport vositalarining texnik holati va yo‘lovchilar xavfsizligiga qo‘yiladigan talablar bilan birga ko‘rib chiqilishi kerakligini bildirgan.
Spot, avvalroq, Toshkent avtobuslariga chiqishda to‘lov joriy etilgach, yo‘lkira to‘lamaganlar soni oshgani haqida yozgandi.