Avvalroq Toshkentda maktab avtobuslarini yo‘lga qo‘yish imkoniyati o‘rganilayotgani haqida xabar berilgandi.

Yo‘l harakatini tashkil etish markazi o‘tkazilayotgan so‘rovnomaning natijalari bo‘yicha maʼlumot berdi.

Taʼkidlanishicha, hozirga qadar so‘rovnoma Toshkentdagi 328 ta maktab orasidan o‘quvchilar soni ko‘p va dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra School Bus tizimiga talab yuqori deb baholangan 29 tasida o‘tkazildi. Unda 58 369 nafar o‘quvchining oila a‘zolari yoki vasiylari qatnashdi.

Dastlabki natijalarga ko‘ra, o‘quvchilarning 38,5%i maktabga piyoda keladi, 33,1%i ota-onalari bilan shaxsiy avtomobilda qatnaydi.

Yana 18,3%i avtobusdan, 5,7%i taksidan, 3,5%i metrodan, 0,9%i esa mikromobil vositalardan foydalanadi.

So‘rovnoma ishtirokchilarining 73,5%i maktablar uchun maxsus avtobus qatnovlarini tashkil etish istagini bildirgan. Markaz bu natija poytaxtda School Bus tizimiga yuqori ehtiyoj mavjudligini ko‘rsatishini qayd etdi.

So‘rovnoma qolgan maktablarda ham bosqichma-bosqich davom ettiriladi. Yakuniy natijalar asosida o‘quvchilar oqimi, yo‘nalishlar, zarur avtobuslar soni, harakat jadvali, xavfsiz tushirish va olib ketish nuqtalari hamda boshqa tashkiliy masalalar o‘rganiladi.

Shundan so‘ng School Bus tizimini joriy etishning amaliy imkoniyatlari ishlab chiqilib, tegishli tashkilotlar bilan kelishilgan holda uni bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yish masalasi ko‘rib chiqiladi.

Spot, avvalroq, Toshkentda bir kunda 1,46 mln transport vositasi harakatlangani haqida yozgandi.