Toshkentda maktab avtobuslarini yo‘lga qo‘yish imkoniyati o‘rganilmoqda. Bu haqda Yo‘l harakatini tashkil etish markazi xabar berdi.

Buning uchun ota-onalar o‘rtasida farzandlarining maktabga qanday qatnashi hamda maktab avtobuslariga ehtiyojni aniqlash bo‘yicha so‘rov o‘tkazilmoqda. Uning natijalaridan kelib chiqib, mazkur tizimni joriy etish masalasi ko‘rib chiqiladi.

So‘rovnomada uy joylashuvi, farzand o‘qiydigan maktab va sinf, maktabga chiqish vaqti, foydalaniladigan transport turi hamda maktab avtobusiga ehtiyoj bor-yo‘qligi ko‘rsatiladi.

Bir nechta farzandi bor ota-onalar har bir farzandi haqidagi ma‘lumotlarni alohida kiritishi kerak.

So‘rovnomani maxsus Telegram-bot orqali to‘ldirish mumkin.

Markazga ko‘ra, so‘rov davomida shaxsiy ma‘lumotlar yig‘ilmaydi, natijalar esa faqat umumiy tahlil uchun ishlatiladi.

Spot, avvalroq, O‘zbekistondagi 10 mingdan ortiq maktab Canva‘dan uch yil bepul foydalanishi haqida yozgandi.