O‘zbekistondagi 10 mingdan ortiq umumta‘lim maktablari Canva for Education platformasidan uch yil davomida bepul foydalanadi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta‘limi vazirligi ma‘lum qildi.

Qayd etilishicha, vazirning birinchi o‘rinbosari Sherzod Karimov boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasida Canva kompaniyasi bilan grant kelishuvini imzolagan.

Kelishuv Parijdagi YUNESKO bosh qarorgohida o‘tkazilayotgan Ta‘lim transformatsiyasi sammiti +4 (TES+4) doirasida tuzilgan.

Shartnomaga ko‘ra, mamlakatdagi 10 mingdan ortiq maktab uch yil davomida platformadan bepul foydalanadi. Grantning umumiy qiymati $20 mlnni tashkil etadi.

Vazirlikning qayd etishicha, Canva for Education o‘quvchilarga taqdimot va infografikalar yaratish, sun‘iy intellekt asosidagi vositalardan foydalanish, jamoaviy ishlash hamda raqamli savodxonlik ko‘nikmalarini rivojlantirish imkonini beradi.

Spot, avvalroq, Jahon banki O‘zbekistonga boshlang‘ich ta’limni yaxshilash uchun $100 mln ajratishi haqida yozgandi.


Canva — Avstraliyada tashkil etilgan vizual dizayn platformasi bo‘lib, hozirda dunyoning 190 dan ortiq mamlakatida qo‘llaniladi. Uning Canva for Education xizmati o‘quvchilar va o‘qituvchilar uchun maxsus moslashtirilgan taqdimot shablonlari va boshqa ta‘lim vositalarini taklif etadi.