Jahon banki O‘zbekistonga boshlang‘ich maktab ta‘limi sifatini oshirish uchun $100 mln miqdorida imtiyozli moliyalashtirishni tasdiqladi.

Ushbu mablag‘lar bolalarning o‘qishi, matematika va ijtimoiy-emotsional kompetensiyalarini o‘z ichiga olgan asosiy ko‘nikmalarini rivojlantirishga yo‘naltiriladi.

“Iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish uchun maktab ta‘limini o‘zgartirish” (BILIM) dasturi Maktabgacha va maktab ta‘limi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, shuningdek, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida amalga oshiriladi.

Dasturning umumiy moliyalashtirish hajmi $378 mlnni tashkil etadi. Shundan $273 mln O‘zbekiston hukumati, $100 mln Jahon bankining imtiyozli moliyalashtirishi hamda Ta‘limni moliyalashtirish xalqaro jamg‘armasi (IFFEd)ning $5 mlnlik granti hisobidan ta‘minlanadi.

2030-yilgacha dastur 50 ming nafar boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari, maktab rahbarlari va ta‘lim tizimi ma‘murlarining pedagogik hamda boshqaruv salohiyatini oshirishga yordam beradi.

Dastur, shuningdek, yangi maktablar qurish va mavjudlarini kengaytirish orqali sifatli ta‘limdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytiradi hamda boshlang‘ich maktablarda 27 mingta yangi o‘quv o‘rni yaratadi.

Shuningdek, ta‘lim ma‘lumotlarini to‘plash va ulardan foydalanish tizimini mustahkamlaydi. Bu maktablar faoliyatini yanada samarali rejalashtirish, resurslarni taqsimlash va ta‘lim natijalarini yaxshilash imkonini beradi.

Dastur 1−4-sinflardagi, yarmi qizlardan iborat bo‘lgan, qariyb 2 mln o‘quvchilarga, yaxshiroq ta‘lim olish va kelgusida ishga joylashish imkoniyatlarini oshiradigan asosiy ko‘nikmalarni rivojlantirish imkonini beradi.


Avvalroq Spot Jahon banki O‘zbekistonda qishloq infratuzilmasini yaxshilash uchun $150 mln ajratishi haqida yozgandi.

Dastur Andijon, Farg‘ona, Namangan, Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlaridagi 296 ta mahallada amalga oshiriladi.