Jahon banki O‘zbekistonga imtiyozli moliyalashtirish shaklida $150 mln ajratilishini ma‘qulladi.
Ushbu mablag‘lar “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” dasturining ikkinchi bosqichini amalga oshirishga yo‘naltiriladi.
Dastur mamlakatning oltita viloyatidagi qishloq hududlarida jamoat infratuzilmasi va xizmatlarni yaxshilashga yordam beradi.
O‘zbekistonda ko‘plab qishloqlarda infratuzilma yetishmasligi tadbirkorlik va ish o‘rinlari yaratilishini cheklamoqda. Muammoni hal etish uchun 2019-yilda Jahon banki va OIIB ko‘magida “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” dasturi boshlandi.
Dasturning birinchi bosqichi joriy yilning iyun oyida yakunlanib, Andijon, Farg‘ona, Namangan, Jizzax va Sirdaryo viloyatlaridagi 306 ta olis qishloq mahallalarini qamrab oldi.
Ushbu mahallalarda mahalliy aholi tomonidan tanlangan va ularning nazorati ostida amalga oshirilgan 900 dan ortiq infratuzilma loyihalari hayotga tadbiq etildi.
Ular qatoriga yo‘llar va ko‘priklar, suv va elektr ta’minoti tizimlari, maktablar, bog‘chalar hamda boshqa obyektlarni qurish va modernizatsiya qilish ishlari kiradi. Mazkur loyihalardan qariyb 1 mln nafar qishloq aholisi manfaatdor bo‘ldi.
Dasturning ikkinchi bosqichi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan Andijon, Farg‘ona, Namangan, Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlaridagi 296 ta olis qishloq mahallalarida amalga oshiriladi.
Dasturning umumiy buudjeti $340 mlnni tashkil etib, Jahon banki, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki (OIIB) va O‘zbekiston hukumati mablag‘larini o‘z ichiga oladi.
2031-yilgacha dastur yo‘llar, ichimlik suvi va elektr ta’minoti tizimlari hamda boshqa jamoat xizmatlarinining yaxshilanishidan qariyb 1,2 millionga yaqin qishloq aholisi, jumladan, 600 ming ayol va 300 ming nafar yosh manfaatdor bo‘ladi.
15 ta pilot mahallada biznesni rivojlantirish markazlari tashkil etiladi. Ular qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va kichik ishlab chiqarish sohalarida band bo‘lgan mahalliy tadbirkorlarga moliyaviy xizmatlar, yangi bilim va bozor imkoniyatlaridan foydalanishga yordam beradi. Ushbu chora-tadbirlar qariyb 1500 ta to‘g‘ridan-to‘g‘ri ish o‘rni yaratishga xizmat qiladi.
Qishloq xo‘jaligi va tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan Jahon bankining boshqa loyihalari bilan birgalikda dastur yuqorida qayd etilgan mahallalarda qo‘shimcha ravishda 25 000 ga yaqin yangi va yuqori maoshli ish o‘rinlarini yaratishga yordam beradi.
Avvalroq Spot Jahon banki O‘zbekistonga transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish uchun $200 mln ajratishi haqida yozgandi.
Mablag‘lar hisobidan Surxondaryoda 91 km yo‘lni rekonstruksiya qilish, shuningdek, O‘zbekiston temir yo‘llari faoliyatini isloh qilish rejalashtirilgan.