Toshkent shahri yo‘llarida 5-sentabr kuni jami 1 mln 469,9 mingta transport vositasi harakatlandi. Bu haqda Yo‘l harakatini tashkil etish markazi ma‘lum qildi.
Bu 4-sentabrdagi 1 mln 502 mingta transport vositasiga nisbatan 32,1 mingtaga kam.
Shu kuni poytaxtda 170 ta avtobus yo‘nalishi bo‘yicha 19 778 ta qatnov amalga oshirilib, 1 mln 98,4 ming nafar yo‘lovchi tashildi. Toshkent metropoliteni xizmatidan esa 745,9 ming nafar yo‘lovchi foydalandi.
Poytaxtdagi tirbandlik darajasi kun davomida 4−5 ball atrofida qayd etildi.
Shuningdek, kommunal tashkilotlar tomonidan Bog‘ishamol, Al-Xorazmiy, Shokirariq, Pahlavon Mahmud, Samarqand Darvoza va Vestminster tor ko‘chalarida, shuningdek, Farhod va Lutfiy ko‘chalari kesishmasida transport oqimiga qisman ta‘sir ko‘rsatuvchi ishlar olib borildi.
5-sentabr kuni YHXB tomonidan piyodalar yo‘lakchasi bo‘ylab transport vositasida harakatlanish bilan bog‘liq 8 ta, to‘xtab turish qoidalarini buzish bo‘yicha 18 ta hamda to‘xtash qoidalarini buzish bo‘yicha 17 ta holat rasmiylashtirildi.
Bundan tashqari, jamoat transporti uchun ajratilgan “A” tasmasida harakatlanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq 4 ta holat aniqlandi.
Haydovchilardan piyodalar yo‘laklari va ularning oldida transport vositalarini to‘xtatmaslik, belgilangan o‘tish joylarida piyodalarga yo‘l berish, avtobus bekatlarini band qilmaslik hamda “A” tasmasida harakatlanmaslik so‘raldi. Shuningdek, bekatlarga kirib-chiqayotgan avtobuslar harakatiga xalaqit bermaslik kerakligi eslatildi.
Yo‘l harakatini tashkil etish markaziga ko‘ra, poytaxt yo‘llaridagi transport oqimi va tirbandlik holati Vaziyatlar markazida real vaqt rejimida kuzatib borilmoqda. Monitoring transport yuklamasidagi o‘zgarishlarni tezkor aniqlash va harakat barqarorligini ta‘minlashga xizmat qiladi.
Spot, avvalroq, Toshkentning Shahrisabz ko‘chasidagi BRT yo‘lagining birinchi bosqichi foydalanishga topshirilgani haqida yozgandi.