O‘zbekiston Henley & Partners xalqaro pasportlar reytingida o‘z o‘rnini sezilarli darajada yomonlashtirdi. Spot indeksning yangilangan versiyasi bilan tanishdi.

2026-yil oktabr holatiga ko‘ra, O‘zbekiston reytingda 82-o‘rinni egalladi. Bu 2025-yil sentabr oyidagi natijaga nisbatan 10 pog‘ona past. Fuqarolar oldindan viza rasmiylashtirmasdan borishi mumkin bo‘lgan yo‘nalishlar soni 62 tadan 57 taga qisqardi.

15-sentabrdan boshlab Tailand O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz rejimni bekor qildi. 1-noyabrdan esa Misr o‘zbekistonliklardan oldindan viza olishni talab qiladi.

MDH davlatlarining aksariyati reytingda O‘zbekistondan yuqoriroq o‘rinda turibdi. Belarus 65-o‘rinni (78 ta yo‘nalish), Qozog‘iston 66-o‘rinni (77 ta), Ozarbayjon 73-o‘rinni (68 ta), Armaniston 78-o‘rinni (73 ta), Qirg‘iziston esa 81-o‘rinni (59 ta) egalladi. O‘zbekistondan pastda Tojikiston 87-o‘rinda (52 ta yo‘nalish), Turkmaniston esa 93-o‘rinda (44 ta) joylashdi.

Reytingda Singapur yetakchilik qilmoqda. Uning fuqarolari oldindan viza rasmiylashtirmasdan 193 ta yo‘nalishga borishlari mumkin. Ikkinchi o‘rinni Yaponiya, Janubiy Koreya va BAA egalladi — bu mamlakatlar fuqarolari 188 ta yo‘nalishga vizasiz bora oladi. Shvetsiya esa 187 ta yo‘nalish bilan uchinchi o‘rinni band etdi.

Reytingning so‘nggi, 106-o‘rnida Afg‘oniston joylashgan. Uning fuqarolari oldindan viza rasmiylashtirmasdan 22 ta yo‘nalishga borishlari mumkin. Reytingning quyi pog‘onalaridan Suriya (25 ta yo‘nalish), Iroq (28 ta) va Pokiston (29 ta) ham o‘rin olgan.


Avvalroq Spot vizasiz rejim bekor qilingach, o‘zbekistonliklarning Tailandga sayohat talabi pasaygani haqida yozgandi.