Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazayotgani haqida yozgandi.
Prezident viloyatga har yili 6 mln nafar sayyohni jalb qilish imkoniyati borligini ta’kidladi.
Yil boshidan buyon viloyatga qariyb 2,5 mln sayyoh tashrif buyurgan, ulardan 500 ming nafari G‘elon turistik qishlog‘ida bo‘lgan.
Hozirda G‘elonda Tataristondan kelgan investorlar ishtirokida tog‘-chang‘i kurorti qurilmoqda. Uning birinchi bosqichini 2027-yilda ochish rejalashtirilgan.
Tabiiy sharoiti o‘xshash hududlarda etnoturizm markazlarini tashkil etish imkoniyati mavjud. Davlat rahbari ular qatorida Chiroqchi tumanidagi Tarag‘ay, Kitob tumanidagi Bashir va Yakkabog‘ tumanidagi Tatar qishloqlarini alohida qayd etdi.
Shuningdek, Shahrisabz yaqinidagi Sayyod va Suvtushar qishloqlarining turistik salohiyati ham ta’kidlandi. Bu hududlarda tog‘ daryolari bo‘ylab rafting va sport turizmini rivojlantirish mumkin.
Mirziyoyev mas’ullarga bir oy ichida mazkur oltita qishloqning bosh rejalarini ishlab chiqishni topshirdi. Kelasi yil mart oyidan boshlab umumiy qiymati $50 mln bo‘lgan loyihalar bo‘yicha ishlarni boshlash vazifasi qo‘yildi.
Bundan tashqari, viloyatda har bahor gastronomik festivallar o‘tkazish rejalashtirilmoqda. G‘uzorda “Lola va kabob”, Ko‘kdalada “Chiyal yaxna” festivallari tashkil etiladi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonga to‘qqiz oyda 10 mln nafardan ortiq turist kelgani haqida yozgandi.