Toshkent avtobuslarida yo‘lkira haqini to‘lamagan yo‘lovchilarga nisbatan rasmiylashtirilayotgan ma‘muriy bayonnomalar soni oshdi. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.
1-sentabrdan brutto-shartnoma asosida faoliyat yuritayotgan avtobuslarda yo‘lovchilar transportga chiqishi bilan yo‘lkira haqini to‘lash tartibi joriy etilgandi.
Toshkent shahar yo‘lovchi tashishni monitoring va nazorat qilish davlat muassasasi nazoratchilari tomonidan avtobuslarda to‘lov madaniyatini oshirishga qaratilgan kuchaytirilgan nazorat reydlari olib borilmoqda.
Avgust oyida yo‘lkira haqini to‘lamasdan harakatlangan 10 843 nafar yo‘lovchiga nisbatan Ma‘muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 144-moddasi 5-qismi asosida ma‘muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan. Bu kuniga o‘rtacha 350 ta holatni tashkil etgan.
Sentabrning dastlabki sakkiz kunida esa yo‘lkira haqini to‘lamagan 4 696 nafar yo‘lovchiga nisbatan ma‘muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan. Bu kuniga o‘rtacha 587 ta holatni tashkil etadi.
Shunday qilib, sentabrning dastlabki sakkiz kunida kuniga o‘rtacha rasmiylashtirilgan ma‘muriy bayonnomalar soni avgust oyidagi ko‘rsatkichga nisbatan 237 taga yoki qariyb 68% ga oshgan.
Avgust oyida avtobuslarda yo‘l haqini birinchi marta to‘lamaganlarga BHMning 0,5 baravari — 1-sentabrdan 220 ming so‘mgacha, takroran sodir etilganda esa BHMning bir baravari — 440 ming so‘mgacha jarima belgilanishi taklif qilingandi.
Spot, avvalroq, Toshkentda bir kunda 1,46 mln transport vositasi harakatlangani haqida yozgandi.