O‘zbekistonda avtobuslarda yo‘l haqini to‘lamaganlar uchun jarimalarni oshirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar yo‘lovchi tashishni monitoring va nazorat qilish korxonasi direktori Muhammadjon Qahhorov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Hukumatning tegishli qaroriga (276-son, 03.06.26) muvofiq, 2026-yil 1-sentabrdan Toshkent jamoat transportida yo‘lovchilar avtobusga chiqqan zahoti yo‘l haqini to‘lashi talab etiladi. To‘lovni amalga oshirmaganlar chiptasiz yo‘lovchi sifatida qayd etilib, ularga nisbatan jarima qo‘llanadi. Buning uchun nazoratchilar maxsus planshetlar orqali yo‘lovchining transport yoki bank kartasi bilan to‘lov qilgan-qilmaganini tekshiradi.
Bundan tashqari, Transport vazirligiga IIV bilan birgalikda yo‘lovchilarning trolleybusda, tramvayda, shahar ichida va shahar atrofiga qatnaydigan avtobusda chiptasiz yurganligi uchun ma’muriy javobgarlikni kuchaytirish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirilgan. Qahhorov tegishli takliflar ishlab chiqilib, Qonunchilik palatasiga kiritilganini ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, yo‘l haqini birinchi marta to‘lamaganlarga BHMning 0,5 baravari — 1-sentabrdan 220 ming so‘mgacha, takroran sodir etilganda esa BHMning bir baravari — 440 ming so‘mgacha jarima belgilanishi taklif qilinmoqda.
Hozirda avtobusda chiptasiz yurgan yo‘lovchilarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 144-moddasiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, BHMning 10%i (41 200 so‘m) miqdorida jarima qo‘llanadi.
Muhammadjon Qahhorovning so‘zlariga ko‘ra, yangi tartibdan asosiy maqsad yo‘lkira tushumlarining to‘liqligini ta’minlash, avtobuslar faoliyatida shaffoflikni oshirish va yo‘nalishlarni muvofiqlashtirishdan iborat. Shuningdek, har bir bekat va vaqt kesimida yo‘lovchilar oqimini aniq tahlil qilib, jamoat transporti faoliyatini to‘g‘ri rejalashtirish imkoniyati yaratiladi.
Uning ma’lum qilishicha, 2026-yilning dastlabki yetti oyida 82 mingdan ortiq yo‘lovchi yo‘l haqini to‘lamagani aniqlangan. Huquqbuzarlik uchun ulardan 2 mlrd so‘mdan ortiq jarima undirilgan.
Spot, avvalroq, avtobus uchun yo‘l haqini iqtisodiy asoslangan darajaga oshirish taklif qilingani haqida yozgandi.