2026-yil boshidan buyon Toshkent shahrida avtobuslarda chiptasiz harakatlangan yo‘lovchilarga nisbatan 79 618 ta ma‘muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, yo‘l haqi tushumi kamayib borayotgan yo‘nalishlarda maqsadli nazorat tadbirlari o‘tkazilmoqda. Joriy yil davomida bunday reydlar 82 ta, iyul oyida esa 17 ta avtobus yo‘nalishini qamrab olgan.
Ma‘muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 144-moddasi (Transportda chiptasiz yurish) 5-qismiga asosan har bir qoidabuzarga BHMning o‘ndan bir qismi — 41,2 ming so‘m miqdorida jarima qo‘llanadi.
Yil boshidan buyon chiptasiz yurgan yo‘lovchilarga nisbatan 79 618 ta, iyul oyining o‘zida esa 10 535 ta ma‘muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Natijada 2026-yil davomida qoidabuzarlardan 1,988 mlrd so‘m, iyul oyida esa 234,6 mln so‘m jarima undirilgan.
Transport vazirligi yo‘lovchilarni yo‘l haqini o‘z vaqtida va belgilangan tartibda to‘lashga chaqirdi.
Toshkentda ikki yarim oyda avtobusda yo‘l haqini to‘lamagan 26 mingdan ortiq yo‘lovchi jarimaga tortilgan edi.
Spot, avvalroq, avtobus uchun yo‘l haqini iqtisodiy asoslangan darajaga oshirish taklif qilingani haqida yozgandi.