O‘zbekistonda jamoat transportini moliyalashtirishga yondashuvni o‘zgartirish taklif qilinmoqda. Ushbu tashabbus bilan 30-iyul kuni bo‘lib o‘tgan fiskal muloqotda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, soliq va bojxona ma’murchiligini takomillashtirish hamda fiskal tahlillar instituti chiqdi, deya xabar berdi Spot muxbiri.
Taqdimotda moliyalashtirishni sifat ko‘rsatkichlariga (KPI) bog‘lagan holda brutto-shartnomalardan foydalanish, shuningdek, mablag‘larning bir qismini hududlarda transport xizmatlarini kengaytirishga yo‘naltirish taklif etilmoqda.
Taqdimotda aytilishicha, brutto-shartnomalar uchun byudjetning yillik xarajatlari 1,9 trln so‘mni tashkil etadi, shundan 1,3 trln so‘mi Toshkent shahri jamoat transportini moliyalashtirishga to‘g‘ri keladi.
Institut muammolardan biri sifatida poytaxt va hududlarning transport imkoniyatlari teng emasligini keltirmoqda. Shuningdek, subsidiyalar hajmi o‘sayotgani, natija esa yetarlicha shaffof o‘lchanmayotgani, yo‘lovchilar oqimi o‘sib, tushum va byudjet yuki nomutanosib o‘zgarmayotgani ta’kidlangan.
Taqdimotga ko‘ra, jamoat transportini subsidiyalash hajmi 2024-yildagi 1 trln so‘mdan 2025-yilda 1,2 trln so‘mga, 2026-yilda esa 1,385 trln so‘mga yetgan. Ikki yil ichida subsidiyalar hajmi 38,5% ga oshgan. Shu bilan birga, transport xarajatlarining 65,1% subsidiya hisobidan qoplanmoqda.
Natijada Fiskal tahlillar instituti quyidagilarni taklif qilmoqda:
- yo‘lovchi oqimi past marshrutlarni optimallashtirish;
- tariflarni iqtisodiy asoslangan darajaga yetkazish;
- hududlarda jamoat transportini kengaytirish;
- fuqarolarning imtiyozli guruhlariga manzilli ko‘makni saqlab qolish;
- to‘lovlarni sifat KPIlariga bog‘lash.
Taqdimot yakunida manzilli qo‘llab-quvvatlash Toshkentga ajratilayotgan subsidiyalarning bir qismini hududiy transportga yo‘naltirish imkonini berishi ta’kidlandi.
Avvalroq Spot moliyaviy xizmatlar uchun olinadigan komissiyalarga QQS qo‘llash taklif etilayotgani haqida yozgan edi.
