Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, soliq va bojxona ma‘murchiligini takomillashtirish hamda fiskal tahlillar instituti bir qator tashkilotlar uchun foyda solig‘i stavkasini 20% dan 15% ga pasaytirib, ayni vaqtda moliyaviy xizmatlarga soliq solish tartibini o‘zgartirishni taklif qildi. Tegishli tashabbus 30-iyul kuni fiskal muloqotda taqdim etilgan, deb xabar berdi Spot muxbiri.
Taqdimotga ko‘ra, banklar, mobil aloqa operatorlari, polietilen granulalari ishlab chiqaruvchilar, bozorlar va savdo majmualari uchun foyda solig‘i stavkasini 20% dan 15% ga pasaytirish taklif qilinmoqda (Soliq kodeksining 337-moddasi).
Institut byudjetning 859 mlrd so‘mlik kamomadini komission moliyaviy xizmatlarga QQS joriy etish hisobidan qoplashni taklif qilmoqda.
Taqdimotda qayd etilishicha, islohotning asosiy tamoyili komission va foizli (marjinal) daromadlarni bir-biridan ajratish bo‘lishi kerak. Xizmat ko‘rsatish uchun belgilangan qat‘iy to‘lovga (komissiyaga) QQS solish, foizli (marjinal) daromadni esa soliqdan ozod qilingan holda saqlab qolish taklif etilmoqda.
QQSni xizmat uchun aniq belgilangan to‘lovlarga nisbatan qo‘llash taklif qilinmoqda. Ular orasida:
- Hisobvaraq va kartalarni yuritish, hisob-kitob, kassa xizmatlari;
- Ekvayring va to‘lov tizimlari orqali to‘lovlarni qabul qilish;
- Kafolatlar, kafillik va akkreditivlar bo‘yicha komissiyalar;
- Valyuta ayirboshlash bo‘yicha komission xizmatlar;
- Bank kartalari bo‘yicha operatsiyalar protsessingi;
- Depozitariy, registrator va birja xizmatlari;
- To‘lov tizimlarining mukofotlari;
- Faktoring va forfeyting — xizmat qismi.
Shu bilan birga, qiymati alohida belgilanmaydigan moliyaviy xizmatlar uchun QQSdan ozod qilishni saqlab qolish taklif etilmoqda. Bularga quyidagilar kiradi:
- Omonatlarni jalb qilish va mablag‘larni joylashtirish;
- Kreditlar va qarzlar, ular bo‘yicha foizlar, REPO operatsiyalari;
- Moliyaviy lizing — foiz qismi;
- Faktoring va forfeyting — diskont qismi;
- Ulushlar, paylar, qimmatli qog‘ozlar va hosilaviy moliyaviy vositalarni realizatsiya qilish;
- Kreditorning huquqlarini (talablarini) berish.

Taqdimotda taklif etilayotgan yondashuv xalqaro amaliyotga mos kelishi qayd etilgan. Institut XVJ va IHTTga tayanib, komission moliyaviy xizmatlarga QQS solinishi, foizli (marjinal) daromad esa soliqdan ozod qilinishini ta‘kidlamoqda.
Spot, avvalroq, bank omonatlari foizlaridan 5% lik soliq undirish taklif qilinayotgani haqida yozgandi.