Prezident 11-sentyabr kuni barqaror ish o‘rinlarini yaratish va kichik biznesni jadal rivojlantirish orqali aholi daromadlarini oshirishga qaratilgan farmonni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar berdi.

Hujjatga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari rahbarligida hududiy shtablar, tuman va shahar hokimlari boshchiligida esa tuman shtablari tashkil etilgan.

Tuman shtabi qarori asosida Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarni kooperatsiyaga jalb qilgan lider tadbirkorlarga 5 mlrd so‘mgacha garov ta‘minotisiz kredit ajratishga ruxsat beriladi. Bunda jalb qilingan har bir oila uchun 50 mln so‘m hisobidan kredit ajratiladi.

Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va yoshlar tadbirkorligi dasturlarining imtiyozli kredit resurslarini boshqarish vakolati tuman shtablariga o‘tkaziladi.

2026-yil 1-oktabrdan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar hamda kichik va o‘rta tadbirkorlik subyektlariga tijorat banklari kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlarining bir qismini kompensatsiya qilish mexanizmi joriy etiladi.

Kompensatsiya tuman shtablari qarori asosida Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi yoki belgilangan boshqa manbalar hisobidan taqdim etiladi.

Bunda tuman shtablari mahalliy sharoit, loyihalarning samaradorligi va ustuvor yo‘nalishlardan kelib chiqib, kompensatsiya taqdim etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Ular kompensatsiyadan maqsadli va samarali foydalanish uchun mas‘ul hisoblanadi.

Kompensatsiya taqdim etishda kredit tarixi, tadbirkor toifasi, barqarorlik reytingi va boshqa talablarni joriy etishga yo‘l qo‘yilmaydi. Shu bilan birga, tadbirkorlarning umumiy tartibda kompaniyaga kompensatsiya olish uchun bevosita murojaat qilish huquqi saqlab qolinadi.

Bir moliyalashtirish bo‘yicha bir xil foiz xarajatlarini ikki marta kompensatsiya qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Avgust oyida hukumat qarori bilan biznesga dual ta‘limni tashkil etish uchun 5 mlrd so‘mgacha kredit berilishi belgilangandi. Har 1 mlrd so‘m kredit uchun tashkilot besh nafar texnikum o‘quvchisini amaliyotga, bir nafar bitiruvchini esa ishga qabul qilishi kerak.

Shu bilan birga, prezident farmoni bilan moliyaviy intizomga rioya qiladigan kichik va o‘rta biznes subyektlari TRKdan 5 mlrd so‘mgacha imtiyozli kredit olishi mumkinligi belgilab qo‘yilgan edi.

Sentabr oyi avvalida prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda lider tadbirkorlarga 5 mlrd so‘mgacha garovsiz kredit olish imkoniyati berilishi taʼkidlangandi.

Spot, avvalroq, Toshkentda kichik biznes uchun garovsiz kredit limiti 200 mln so‘mgacha oshirilishi haqida yozgandi.