Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev raisligida Toshkentni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, investitsiya va bandlikni oshirish hamda mahallalarda infratuzilmani yaxshilash masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar bergan edi.

Mahallalarda kichik biznes va xizmatlar sohasini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlardan samarali foydalanish zarurligi ta’kidlandi.

Ko‘p kvartirali uylarning birinchi qavatlarini savdo va servis faoliyatiga moslashtirish imkoniyatlari kengaytirilmoqda.

Shu bilan birga, Toshkentda biznes boshlamoqchi bo‘lgan tadbirkorlar uchun garovsiz kredit limiti 100 mln so‘mdan 200 mln so‘mga oshiriladi.

Olmazor tumanida ushbu imkoniyatlardan foydalanib, joriy yilning o‘zida 300 nafar yangi tadbirkorni qo‘llab-quvvatlash va 1 mingta ish o‘rni yaratish belgilandi. Mazkur tajribani poytaxtning boshqa tumanlariga ham kengaytirib, yil yakunigacha 20 ming nafar aholini daromadli ish bilan ta’minlash vazifasi qo‘yildi.

Miskin va Ibrohim ota mahallalari hududidagi 305 gektar sanoat zonasida 504 ta tadbirkorlik obyekti mavjud. Ularning aksariyati 1−2 qavatli binolarda joylashgani sababli hududning iqtisodiy salohiyatidan to‘liq foydalanilmayotgani qayd etildi. Bu yerda ish o‘rinlarini 35 mingtadan 100 mingtaga, eksport hajmini esa $600 mlnga yetkazish imkoniyati borligi ko‘rsatib o‘tildi.

Buning uchun tadbirkorlarga sanoat ipotekasi, kredit va lizing kabi qulay moliyaviy instrumentlarni taklif etib, sanoat hududida yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan yangi loyihalar boshlanishi belgilandi.

Avvalroq Spot qurilish vaziri Sherzod Hidoyatov birinchi qavatdagi 46 ming xonadonni biznesga moslashtirish mumkinligini ma’lum qilgani haqida yozgan edi.