Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev hududlarda aholi bandligi va daromadini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazgani haqida yozgan edi.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida prezident aholini ish bilan ta’minlash bo‘yicha aniq topshiriqlar berganini qayd etdi.
Unga ko‘ra, ko‘p qavatli uylarning birinchi qavatidagi xonadonlarni noturar joy toifasiga o‘tkazmasdan turib, u yerda ayrim savdo va xizmat ko‘rsatish faoliyatini yo‘lga qo‘yishga ruxsat berish taklif etilmoqda.
Vazirning ma’lum qilishicha, sartaroshxona, atelye, go‘zallik saloni va boshqa kichik xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini xonadonning o‘zida tashkil etishga imkon beruvchi tizim ishlab chiqiladi. Bunda turar joyni noturar joyga o‘tkazish talab etilmaydi. Xonadonda faqat bitta eshik ochib, ichki qismni tegishli faoliyatga moslashtirishga ruxsat berish ko‘zda tutilmoqda.
“Urbanizatsiya qo‘mitasi, sanitariya va boshqa idoralar bilan birgalikda hujjat loyihasini zudlik bilan ishlab chiqib, bir oy ichida uni qabul qilishga kiritamiz”, — dedi u.
Sherzod Hidoyatov hozirgi hisob-kitoblarga ko‘ra, ko‘p qavatli uylarning birinchi qavatlarida 46 mingdan ortiq xonadon mavjudligini bildirdi. Yangi tartib orqali 200 mingdan ortiq odamni ish bilan ta’minlash imkoniyati yaratilishi va aholining daromadlariga ta’sir qilishi kutilmoqda.
Shuningdek, vazir Islohotlar shtabi bilan birgalikda ishlab, hududlarni mahallalar kesimida o‘rganish, mavjud xonadonlar va ulardan foydalanish imkoniyatlari bo‘yicha ma’lumotlarni yig‘ish hamda birgalikda ishlarni tashkil etish topshirilganini aytdi.
“Bizning o‘zimizning tizim tashkilotlarimiz, tumanlar, hammasida bu ishlar o‘rganilib, birgalikda zudlik bilan tashkil qilamiz”, — deya xulosa qildi qurilish vaziri.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda biznesi yurishmagan 62 ming aholi bankdan olgan qarzini qaytarishga qiynalayotgani haqida yozgan edi.