Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida belgilangan vazifalar yuzasidan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi prezident farmoni qabul qilingani haqida yozgan edi.
Prezidentning 27-avgustdagi farmonida biznes loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni kengaytirishga qaratilgan qator choralar belgilangan. Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi (TRK) imtiyozli kreditlash va kafillikning yangi mexanizmlarini joriy etadi.
Xususan, moliyaviy intizomga rioya qiladigan kichik va o‘rta biznes subyektlari TRKdan 5 mlrd so‘mgacha imtiyozli kredit olishi mumkin. Kredit stavkasi Markaziy bankning asosiy stavkasidan 2 foiz bandga past bo‘ladi. Hozirgi asosiy stavka 14% ni tashkil etadi.
Buning uchun kompaniya so‘nggi ikki yil davomida sof foyda ko‘rgan, soliqlar va kredit majburiyatlarini o‘z vaqtida bajargan hamda ish o‘rinlarini saqlab qolgan bo‘lishi kerak.
TRK kreditlar, bank kafolatlari, lizing va akkreditivlar bo‘yicha 75% gacha, biroq 10 mlrd so‘mdan oshmagan miqdorda kafillik beradi.
Davlat xaridlarida qatnashuvchi kichik va o‘rta biznesga shartnomalarni bajarish va avanslarni qaytarishni ta’minlash uchun 2,5 mlrd so‘mgacha kafolat beriladi. Buning uchun kompaniya bir yil davomida kamida beshta davlat xaridi shartnomasini o‘z vaqtida va to‘liq bajargan bo‘lishi lozim.
Shuningdek, kompaniyalar TRKning sho‘ba korxonasi — “TRK Invest” orqali 3 mlrd so‘mgacha daromadga bog‘langan moliyalashtirish (revenue-based finance) jalb qilishi mumkin.
Davlatdan foydalanilmayotgan ko‘chmas mulkni sotib olayotgan investorlar TRKdan 15 mlrd so‘mgacha ipoteka moliyalashtirishi olishi mumkin. Buning evaziga kamida uchta ish o‘rni yaratish talab etiladi.
Eksportchilarga asosiy qarzning 35% ini qaytarish sharti bilan $3 mln gacha bo‘lgan valyuta kreditlari bo‘yicha foiz kompensatsiyasi beriladi. Kredit muddati 12 oydan, foiz stavkasi esa belgilangan chegaradan oshmasligi kerak.
TRK ta’sischiligida aksiyadorlik jamiyati shaklida Biznes fondi tashkil etiladi. U xususiy investorlar, professional investitsiya hamjamiyatlari va boshqaruv kompaniyalaridan mablag‘ jalb qilib, tadbirkorlik loyihalariga yo‘naltiradi.
TQKning yana bir yangi tuzilmasi — “Mikromoliyaviy xizmatlarni rivojlantirish” kompaniyasi mikromoliya tashkilotlarini maqsadli va qayta tiklanadigan kredit liniyalari bilan ta’minlaydi.
Buning uchun 2028-yildan boshlab unga har yili Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4 foiz past stavkada 7 yillik budjet ssudalari ajratiladi.
Ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun 2027-yilda davlat budjetidan jami 400 mlrd so‘m ajratiladi.
Kompaniyaning hisob-kitoblariga ko‘ra, qo‘shimcha zarur mablag‘lar taqdim etilishi mumkin.
Avvalroq Spot tadbirkorlarga mo‘ljallangan kredit marketpleysini xususiylashtirish rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.