Markaziy bank biznes uchun kredit platformasini yaratdi, unda banklar qarz oluvchilar uchun raqobatlashadi va kelajakda uni xususiylashtirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 24-avgust kuni Prezident Administratsiyasining Moliyaviy texnologiyalar, raqamlashtirish va sun‘iy intellekt departamenti rahbari Bobur Xo‘jayev Silk Road Finance & Technology Forum‘dagi panel muhokamasi chog‘ida ma‘lum qildi.
Gap Markaziy bank tomonidan ishlab chiqilgan Tadbircore.uz — mikro, kichik va o‘rta biznes (MKO‘B) uchun mo‘ljallangan moliyaviy raqamli platforma haqida ketmoqda. U orqali tadbirkor kredit olish uchun ariza topshirishi, bir nechta bankdan takliflar olib, ularni taqqoslagan holda eng maqbul shartlarni tanlashi mumkin bo‘ladi.
Xo‘jayevning ta‘kidlashicha, O‘zbekistonda davlat va Markaziy bank xususiy moliyalashtirishni jalb etish uchun yangi vositalarni yaratishda faol rol o‘ynamoqda. Bunga misol tariqasida u Markaziy bank tomonidan 2018-yilda yaratilib, o‘tgan yili xususiylashtirilgan Humo to‘lov tizimini keltirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, kredit platformasiga ham shunga o‘xshash yondashuvni qo‘llash rejalashtirilgan.
“Biz hozir kuzatayotgan yana bir qiziqarli yo‘nalish — Markaziy bank sun‘iy intellektga asoslangan skoring yordamida kredit platformasini yaratdi. Endi qarz oluvchi ushbu platforma orqali ariza topshiradi, tijorat banklari esa amalda kredit berish imkoniyati uchun o‘zaro raqobatlashadi. O‘ylaymanki, ushbu platforma ishga tushirilib, muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yilgach, u ham xususiylashtiriladi”, — dedi PA vakili.
Xo‘jayev yangi platformalar va kompaniyalar yaratish xususiy moliyalashtirishni safarbar qilishga qaratilganini qo‘shimcha qildi.

U, shuningdek, Markaziy bank tomonidan tashkil etilgan $50 mlnlik venchur fondini ham eslatib o‘tdi. Ayni paytda regulyator fondga tashqi boshqaruvchini jalb qilish niyatida.
“Xususiy kapital davlat va Markaziy bank o‘yinda ishtirok etayotganini ko‘rishi bilanoq, sarmoya kiritishga va tavakkal qilishga ko‘proq moyil bo‘ladi”, — deya qayd etdi Xo‘jayev.
Spot, avvalroq, Markaziy bank moslashuvchan va bozorga yo‘naltirilgan so‘m kursini saqlab qolishi haqida yozgandi.