Markaziy bank kapital harakatini bosqichma-bosqich liberallashtirish bo‘yicha ishlarni davom ettiradi. Bu haqda regulyator raisi Timur Ishmetov Silk Road Finance & Technology Forumi panel muhokamasida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash investorlar uchun regulyator faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi. Markaziy bank kelgusi yilda inflyatsiyani 5% lik maqsadli ko‘rsatkichgacha pasaytirishni davom ettirish niyatida.

“Biz kelgusi yilda makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash va inflyatsiyani 5% lik maqsadli darajaga tushirishni davom ettiramiz”, — dedi Markaziy bank rahbari.

Moslashuvchan kurs va kapitalni liberallashtirish

Markaziy bank, shuningdek, moslashuvchan va bozorga yo‘naltirilgan valyuta kursini saqlab qolish niyatida. Regulyator raisi yaqinda XVJ O‘zbekiston valyuta rejimini suzuvchi rejimga qayta tasniflaganini va Markaziy bank ushbu yondashuvga amal qilish niyatida ekanini ta’kidladi.

Yana bir yo‘nalish kapital harakati hisobvarag‘i bo‘yicha operatsiyalarni yanada liberallashtirish bo‘ladi. Shu bilan birga, islohotlar “asta-sekin va ma’lum bir ketma-ketlikda” amalga oshiriladi.

Markaziy bank rahbarining so‘zlariga ko‘ra, islohotlarni tayyorlashda moslashuvchanlikni oshirish va bir vaqtning o‘zida institutlarni mustahkamlash, himoya qilish va xatarlarni boshqarish talablari hisobga olinadi. XVJ ko‘magida ushbu islohotlar ketma-ketligi bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi.

“Maqsadimiz ko‘proq moslashuvchanlikni ta’minlash, shu bilan birga barqarorlikni xavf ostiga qo‘ymaslik uchun institutlar, himoya talablari va xatarlarni boshqarishni takomillashtirishdir”, — dedi u.

Bank sektori

Markaziy bank yana bir ustuvor yo‘nalish sifatida bank faoliyatini tartibga solishni takomillashtirishni ta’kidladi. O‘tgan yili XVJ va Jahon banki tomonidan o‘tkazilgan Moliyaviy sektorni baholash dasturidan (FSAP) so‘ng regulyator tartibga solish transformatsiyasining uch yillik yo‘l xaritasini tayyorladi.

Ushbu davr oxiriga kelib, Markaziy bank bank faoliyatini tartibga solishni xalqaro standartlarga moslashtirishni rejalashtirmoqda. Xususan, gap Bazel III talablarini joriy etish va barcha banklarning moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (MHXS) bo‘yicha hisobot berishga o‘tishi haqida bormoqda.

“Ushbu uch yil oxiriga kelib, biz Bazel III kabi xalqaro standartlarga to‘liq mos keladigan tartibga solishga ega bo‘lishni kutmoqdamiz va barcha banklar MHXSga o‘tishlari kerak”, — dedi Markaziy bank raisi.

Regulyator bank tizimida xususiy sektor ulushini oshirishni davom ettiradi. Ishmetovning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi bir necha yil ichida davlat ulushini 85% dan taxminan 60% ga qisqartirishga muvaffaq bo‘lindi. “Biz bu tendensiyani davom ettiramiz”, — dedi u.

Avvalroq Spot Amerika valyutasining so‘mga nisbatan kursi 35,48 so‘mga pasayib, 11 818,07 so‘mni tashkil etgani haqida yozgan edi.